Navoiy viloyatida “Raqamli texnologiyalar o‘quv markazi” soni o‘ntaga yetdi
Navoiy viloyati, Konimex tumanida yoshlarning ijodiy-intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun sharoitlar yaratish, kompyuter texnologiyalari, dasturlash asoslari va robototexnika, kompyuter o‘yinlari va kibersportni yoshlar o‘rtasida yanada ommalashtirish, bu sohada mutaxassislarni tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida “Raqamli texnologiyalar o‘quv markazi” faoliyat boshladi.
Davlatimiz rahbari tomonidan ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ilgari surilgan beshta muhim tashabbusning uchinchi yo‘nalishi “aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etish”ga qaratilgan.

Ushbu markazda yoshlar uchun kompyuterdan samarali foydalanish, dasturlash asoslari, kompyuter grafikasi va dizayn, robototexnika, veb-dizayn asoslari, dasturlash tillari, veb va mobil ilovalarni yaratish kabi ixtisoslashgan o‘quv kurslari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari xodimlari uchun axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish bo‘yicha o‘z bilim, malakalarini oshirib boradi.

Dastlabki bir yil davomida ushbu raqamli texnologiyalar markazida 600 nafardan ortiq konimexlik yoshlar o‘z bilim va ko‘nikmalarini oshiradi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA