Navoiy merosi — ma’naviyat mash’ali
Buyuk shoir, mutafakkir va davlat arbobi Alisher Navoiy ijodini inson hayotiga bag‘ishlangan ulug‘ madhiyaga qiyoslash mumkin.
Hazrat merosi bugun butun dunyoda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Asarlarining o‘nlab xorijiy tillarga tarjima qilinayotgani buning yaqqol dalilidir.
Navoiy ijodining so‘nmas qudrati — uning teran falsafasi, boy va rang-barang poetik obrazlari, inson ulug‘vorligi hamda ma’naviy kamolot haqidagi g‘oyalarida namoyon bo‘ladi. Uning bunyodkor fikrlari bugun ham milliy davlatchiligimiz va ma’naviy hayotimizda muhim o‘rin tutadi.
Shoir yoshlik kuch-qudrati va inson qalbining pok tuyg‘ularini butun ijodi davomida ulug‘lagan. Jumladan, “Mahbub ul-qulub” asarida shunday yozadi:
"Naf’ing agar xalqqa beshakdurur, Bilki, bu naf’ o‘zungga ko‘prakdurur".
Navoiy she’riyati, avvalo, chuqur tafakkur va rahm-shafqatga tayanadi. Uning asarlarida Vatanga muhabbat, millat taqdiri uchun qayg‘urish, haqiqatga intilish tuyg‘ulari mujassam. Navoiy uchun ijod — xalqqa xizmat qilish vositasi edi. U she’riyatni hech qachon manfaat yoki aldov quroliga aylantirmagan. Aksincha, insonni o‘z taqdiri uchun mas’ul bo‘lishga, adolat va haqiqat yo‘lida kurashishga da’vat etgan.
Uning ijodi muhabbat g‘oyasi bilan yo‘g‘rilgan. Bu muhabbat — insonga, Vatanga, borliq va Koinotga bo‘lgan yuksak munosabatdir. Shoir ayriliq va hijron dardi orqali ham go‘zallikni tarannum etadi:
"Kecha kelgumdur debon ul sarvi gulro‘ kelmadi, Ko‘zlarimg‘a kecha tong otguncha uyqu kelmadi".
Buyuk mutafakkir ochko‘zlik va manfaatparastlik illatlaridan ogoh etar ekan, xalq dardini o‘z dardi deb bilgan:
"Yuz jafo qilsa manga bir qatla faryod aylamon, Elga qilsa bir jafo, yuz qatla faryod aylaram".
Navoiy asarlarini anglash — bu faqat bir shaxs dunyoqarashini emas, balki jamiyat va davlat taraqqiyoti mohiyatini tushunish demakdir. U komil inson tarbiyasini ma’rifat, adolat va muhabbat bilan bog‘laydi.
Bugun mamlakatimizda navoiyshunoslik yangi bosqichga ko‘tarildi. Shoirning ilmiy-adabiy merosiga bag‘ishlangan yuzlab maqolalar, monografiya va kitoblar chop etildi. “Navoiy ensiklopediyasi”, “Alisher Navoiy: qomusiy lug‘at” kabi nashrlar keng jamoatchilikka taqdim etildi.
Joriy yilda Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi keng nishonlanmoqda. Uning insonparvarlik g‘oyalari, ma’naviy-axloqiy o‘gitlari va yuksak orzulari bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgan emas. Navoiy merosi yoshlarni beg‘araz e’tiqod va uyg‘oq vijdon atrofida birlashtirishga, ularni ma’nan yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Zulfizar To‘ychiyeva,
CHDPU talabasi, Alisher Navoiy nomidagi davlat stipendiyasi sohibi