Narkojinoyatlarning barvaqt oldini olishga qaratilgan milliy dastur ijrosi qanday ta’minlanmoqda?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligida giyohvandlik va narkojinoyatlarning barvaqt oldini olish hamda ularga qarshi kurashish bo‘yicha 2025 - 2026-yillarga mo‘ljallangan kompleks amaliy harakatlar milliy dasturi ijrosi muhokama qilindi.
Prezident Administratsiyasi, vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etgan tadbirda davlatimiz rahbarining 2025-yil 3-noyabrdagi “Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalarga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Milliy strategiyani amalga oshirishda giyohvandlik va uyushgan narkojinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish orqali aholini, birinchi navbatda, yoshlar salomatligi hamda millat genofondini samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston aholisining salomatligi va millat genofondiga jiddiy tahdid solayotgan giyohvandlik illatiga qarshi kurashish hamda bunga sabab bo‘layotgan uyushgan narkojinoyatchilikka chek qo‘yishga qaratilgan normativ-huquqiy, tezkor-profilaktik va tashkiliy-tarbiyaviy choralar kompleksi qanday bajarilayotgani tahlil qilindi.

Voyaga yetmaganlar va yoshlar kelajagini giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalardan har tomonlama asrash – barcha darajadagi davlat organlari, tashkilotlari va muassasalarining dolzarb vazifasi etib belgilandi hamda ularning bu boradagi mas’uliyatini tubdan oshirilgani eslatib o‘tildi.

Milliy dasturda giyohvandlikka qarshi kurashish, noqonuniy muomala kanallarini bartaraf etish, yoshlar o‘rtasida profilaktik tadbirlarni kuchaytirish hamda jamoatchilik ishtirokini kengaytirishga qaratilgan 100 dan ortiq amaliy chora-tadbirlar nazarda tutilgan.
Yig‘ilish tanqidiy ruhda o‘tib, dastur ijrosi yuzasidan mas’ul vazirlik va idoralar rahbarlarining hisobotlari tinglandi.
Milliy dasturning har bir bandi alohida muhokama qilinib, uning ijrosini samarali ta’minlash yuzasidan aniq vazifalar va qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilab olindi.
N.Abduraimova,
O‘zA