Namanganlik o‘quvchining innovatsion loyihasi
Namangan shahridagi 20-umumta’lim maktabining 7-sinf o‘quvchisi Yahyo Ahmedov oddiy velosiped konstruksiyasini takomillashtirib, uni elektr yuritma asosida harakatlanuvchi transport vositasiga aylantirdi.
Ixtirochilikka qiziquvchi o‘quvchi velosipedning orqa g‘ildiragiga elektr motorli uzatma tizimini o‘rnatgan. Konstruksiyada akkumulyator manbai, elektr motor, shkiv, tasma hamda boshqa mexanik uzatish elementlaridan foydalanilgan.
Mazkur tizim elektr motor hosil qilgan harakatni g‘ildirakka uzatib, transport vositasining samaradorligini oshiradi. Uzatma mexanizmining to‘g‘ri tanlanishi natijasida aylanish momenti maqbul taqsimlanib, velosipedning qiyaliklardagi harakatlanish imkoniyatlari yaxshilangan.
Sinov natijalariga ko‘ra, modernizatsiya qilingan velosiped soatiga taxminan 40 kilometr tezlikka erisha oladi.
[gallery-29719]
Texnik ishlanmani yaratish uchun o‘quvchi tomonidan qariyb 1 million 200 ming so‘m mablag‘ sarflangan. Ayni paytga qadar loyihaga qiziqish bildirgan xaridorlardan 10 dan ortiq buyurtma qabul qilingan.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA