Namanganda yana bir nufuzli musobaqa
Namangan viloyati keyingi yillarda ko‘plab nufuzli musobaqalarga mezbonlik qilmoqda. Jumladan, Yangi Namangan tumanida joylashgan “Pahlavon” sport majmuasida tashkil etilgan universal jang bo‘yicha jahon chempionatida o‘smirlar va kattalar ishtirok etdi.
Mazkur musobaqada Qirg‘iz Respublikasi, Qozog‘iston, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston, Armaniston, Zambiya singari dunyoning yigirmaga yaqin davlatidan besh yuzga yaqin sportchilar g‘oliblik uchun tatamiga chiqdi. Musobaqada O‘zbekiston sharafini himoya qilgan namanganlik sportchilar mahorat va chaqqonlik bobida raqiblaridan qolishmagan holda munosib ishtirok etib, salmoqli muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritdi.

Xususan, Namangan shahri sport maktabi tarbiyalanuvchilari Hojiakbar Isroilov, Azizbek Boltaboyev, Yangiqo‘rg‘on tumani sport maktabi vakili Lola Abdusattorova barcha raqiblarini yengib, jahon chempioni unvoniga sazovor bo‘ldi.


Jahon chempionatining barcha g‘olib va sovrindorlari Respublika sport vazirligi hamda Namangan viloyati hokimligi tomonidan munosib taqdirlandi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA