Namanganda 16 ming nafardan ortiq o‘qituvchi malaka sinovlarida ishtirok etmoqda
Namangan viloyatida maktabgacha, umumta’lim va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari pedagoglari uchun malaka toifa sinovlari o‘tkazilmoqda.
Attestatsiya jarayonlari Namangan shahridagi 15-umumta’lim maktabida zamonaviy talablar asosida tashkil etilgan. Sinovlar real vaqt rejimida, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng qo‘llanilgan holda onlayn tarzda o‘tkazilib, jarayonlar kuzatuv kameralari orqali doimiy nazorat qilib borilmoqda.

Pedagog kadrlarga mutaxassislik fani va kasb standarti doirasida 40 ta test savoli hamda pedagogik mahoratni baholashga qaratilgan 10 ta topshiriq taqdim etilmoqda.
Attestatsiya natijalari QR-kod joylashtirilgan elektron shaklda pedagoglarning shaxsiy kabinetlariga yuboriladi.

Joriy yil 7-apreldan 4-mayga qadar davom etadigan sinovlarda viloyat bo‘yicha jami 16 ming 393 nafar pedagog ishtirok etadi. Shundan 14 ming 444 nafari navbatdan tashqari, 1 ming 949 nafari esa navbatdagi majburiy tartibda qatnashishi belgilangan.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA