Nafis san’at bayrami boshlandi
Poytaxtimizda Xalqaro an’anaviy tasviriy va amaliy san’at haftaligi boshlandi.
Mazkur san’at bayrami O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda tashkil etilib, 2025 yil – “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”ga bag‘ishlangani bilan ahamiyatli.
Markaziy ko‘rgazmalar zali san’at muxlislari, chet ellik mehmonlar, xalqaro tashkilotlar va mamlakatimizda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus vakillari, yoshlar, ijodkorlar bilan gavjum bo‘ldi.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi, O‘zbekiston xalq rassomi Akmal Nuriddinov mamlakatimizda milliy tasviriy va amaliy san’at ravnaqi yo‘lida ko‘plab ijodiy loyihalar, yangi g‘oyalar hayotga faol joriy etilayotganini alohida e’tirof etdi.
Darhaqiqat, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi faoliyatini jadal qo‘llab-quvvatlash, ijodkorlar uchun zarur sharoit va imkoniyatlarni yaratish, ularni yangi-yangi ijodiy marralar sari da’vat etish Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ma’rifiy jabhada amalga oshirilayotgan ezgu yangilanish jarayonlarida ustuvor o‘rin egallaydi.
[gallery-22941]
O‘zbekistonda har yili baland va bayramona ruhda tashkil etilayotgan va davlatimiz tomonidan faol qo‘llab-quvvatlanayotgan Xalqaro tasviriy va amaliy san’at festivali san’at ixlosmandlari orziqib kutadigan loyihalardan biridir.
Ushbu haftalik mamlakatimiz tasviriy san’atidagi eng oxirgi ijodiy jarayonlar bilan tomoshabinlarni keng ko‘lamda tanishtirishi, bir qator xalqaro ijodiy tuzilmalarda mehnat qilayotgan yoshlar va mohir rassomlar ijodini muxlislarga taqdim etishi bilan e’tiborga molik.
Haftalik nainki poytaxtimiz, balki mamlakatimizning barcha hududlarini qamrab oladi.
–Jahonning barcha mamlakatlarida bu kabi haftaliklar, ko‘rgazmalarda asarlarini namoyish etish pulli, – dedi O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Bosh ilmiy kotibi Feruza Obidjonova. – Ayni paytda bizning mamlakatimizda har yili davlatimizning qo‘llab-quvvatlashi bilan tashkil etiladigan Xalqaro tasviriy va amaliy san’at ko‘rgazmasi, rang-barang biyennalelar katta yoshdagi ijodkorlarga ham, yoshlarga ham mutlaqo bepul tarzda o‘z ijodini eng chiroyli ko‘rgazma zallarida namoyish etish imkonini berishi bilan ahamiyatli.
Bir hafta davomida mamlakatimizda yirik ko‘rgazmalar, ijodiy-ilmiy anjumanlar, mahorat darslari, milliy liboslar namoyishlari, seminarlar, mohir rassomlar bilan yoshlarning jonli muloqotlari, taqdimotlar bo‘lib o‘tadi.
Shu bilan birga, Janubiy Koreyaning Kemyon universiteti talabalari, turkiy davlatlar, rossiyalik musavvirlarning ijodidan bahramand bo‘lish uchun keng imkoniyatlar yaratiladi.
Nazokat Usmonova, Rustam Nazarmatov (surat), O‘zA muxbirlari