Muxlisa – o‘zbek qo‘shiqlarining mohir ijrochisi
Mamlakatimizda iqtidorli va faol qizlarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish maqsadida ta’sis etilgan Zulfiya nomidagi davlat mukofoti tanlovi o‘tgan yillar davomida madaniyat, san’at, fan, ta’lim, adabiyot va jamoatchilik yo‘nalishlarida yosh iqtidor sohibalarini kashf etmoqda.
Jumladan, o‘tgan yillar davomida yurtimizning yuzlab iste’dodli qizlari ana shu yuksak mukofot sohibiga aylandi.
Joriy yilda Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan yoshlar orasida Andijon davlat universiteti talabasi Muxlisa Mashrabova ham bor.
Ana shu yuksak mukofotga san’atning an’anaviy xonandalik yo‘nalishi bo‘yicha sazovor bo‘lgan iste’dod sohibasi Muxlisa Mashrabova izlanuvchan, faol yoshlardan biri. U nafaqat san’atga, balki turli fanlarni puxta o‘zlashtirishga, xorijiy tillarni o‘rganishga, sportga ham katta qiziqish bilan qaraydi. Ayniqsa, uning xonandalikka qiziqishi o‘zgacha, bolaligidanoq murg‘ak qalbiga qo‘shiqchilikka bo‘lgan muhabbat muhrlagan. Maktabda, keyinchalik san’at maktabida o‘qib yurgan davrlaridayoq xonandalik mahorati bilan ustozlari, mutaxassislar e’tirofiga sazovor bo‘lgan. Qator ijodiy tanlovlarda faol qatnashib, g‘oliblikni qo‘lga yeiritgan. Undagi iste’dod yillar davomida o‘sib, toblanib bordi.
Muxlisa turli yillarda “Yangi avlod” bolalar ijodiyoti, “Yuksak ma’naviyatli avlod”, shuningdek, “Yagonasan, muqaddas Vatan”, Yosh ijrochilarning respublika ko‘rik-tanlovi, “Talant shou” loyihasining “Eng yaxshi qo‘shiq” nominatsiyasi, yosh iste’dodlarning “Nihol” mukofoti singari ko‘plab tanlov va festivallarning viloyat, respublika bosqichlarida ishtirok etib, g‘oliblar safidan o‘rin oldi. Ayniqsa, u xalqaro tanlovlardagi ishtiroki bilan o‘zbek qo‘shiqchiligining o‘ziga xos an’analarini xalqaro miqyosda targ‘ib etishga munosib hissa qo‘shdi.
Muxlisa Rossiyaning Sochi, Volgograd shaharlarida o‘tkazilgan “Biz birgamiz”, “Iste’dodlar shousi”, shuningdek, Hindistonda o‘tkazilgan “Color of India” singari xalqaro tanlovlarda ishtirok etib, I darajali diplom bilan taqdirlangan.
– Muxlisa Mashrabova odob-axloqi, a’lo o‘qishi, tashabbuskor, intiluvchan va faolligi bilan ham tengdoshlaridan ajralib turadi, – deydi Andijon davlat universiteti san’atshunoslik fakulteti dekani Charosxon Shokirova. – U nafaqat iste’dodli san’atkor yoshlardan, balki universitet, shahar, viloyat miqyosidagi turli tadbirlarda faol ishtirok etuvchi ilg‘or talabalardan biridir.
Muxlisa o‘zbek mumtoz qo‘shiqlarini yuksak mahorat bilan ijro eta oladigan yorqin iste’dod sohibasidir.
–Men yurtimizning iste’dodli qizlari uchun ta’sis etilgan eng yuksak mukofotga munosib ko‘rilganligimdan behad mamnunman, – deydi Muxlisa. – Qolaversa, ushbu mukofot zimmamga yuksak mas’uliyat yuklaydi. Kelajakda ijodim, mehnatim bilan ona Vatanimiz ravnaqi uchun xizmat qiladigan inson bo‘lishga harakat qilaman.
Muxlisaning dilidagi samimiy niyatlari albatta, ijobat bo‘ladi. Chunki unda g‘ayrat, shijoat, intilish bor, qalbida ona Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘ulari mujassam, ko‘zlarida esa ertangi kunga ishonch va umid porlab turibdi.
F.Ubaydullayev, A.Abdullayev (surat), O‘zA