Mustaqillik va jurnalistika: 35 yillik sharafli yo‘l
Poytaxtimizda jurnalistika sohasining 70 nafardan ortiq faol vakili «O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi» esdalik nishoni bilan taqdirlandi.
Mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan mamlakatimizning turli hududlarida taraqqiyotimiz, yurtimiz mustaqilligini mustahkamlash, davlat va jamiyat hayoti rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan soha vakillari hamda faol fuqarolarga «O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi» esdalik nishoni tantanali tarzda topshirilmoqda.
Poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan «Mustaqillik va jurnalistika: 35 yillik sharafli yo‘l» mavzusida ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Unda ommaviy axborot vositalarida faoliyat yuritayotgan ijodkorlar, soha faollari va ustoz jurnalistlar ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi, taniqli shoir Shuhrat Oripov, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Abdusaid Ko‘chimov, «Ishonch» va «Ishonch-Doverie» gazetalari birlashgan tahririyati bosh muharriri, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Husan Ermatov, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori, siyosiy fanlar doktori, professor, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Sherzodxon Qudratxo‘ja va boshqalar so‘zga chiqdi.
Notiqlar milliy media sohasining ravnaqi, avvalo, yuksak professional va zamonaviy bilimlarga ega kadrlarga bevosita bog‘liq ekanini ta’kidladi.
Qayd etilganidek, mamlakatimizda jurnalistlik faoliyat maxsus qonunlar hamda sohaviy me’yoriy-huquqiy hujjatlar asosida tartibga solinadi. Milliy qonunchilikda ommaviy axborot vositalarining erkin faoliyat yuritishi, axborotni izlash, to‘plash va tarqatish imkoniyatlarini ta’minlash, jurnalistlarning qonuniy ijodiy mustaqilligini kafolatlashga qaratilgan huquqiy mexanizmlar belgilangan.
Jurnalistika sohasi uchun malakali kadrlar tayyorlash sifatini oshirish maqsadida O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti tashkil etilgan. Shuningdek, xorijiy media kompaniyalar va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda jurnalistlar uchun mahorat darslari, treninglar hamda xorijda malaka oshirish dasturlari muntazam tashkil etib kelinmoqda.
[photobank-31113]
Sohada mehnat qilayotgan ijodkorlarning kasbiy faoliyatini rag‘batlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Har yili 27-iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni arafasida ilg‘or soha vakillari faxriy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlanadi. O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan «Oltin qalam» milliy mukofoti va boshqa ijodiy tanlovlar ham jurnalistlar mehnatini munosib e’tirof etishga xizmat qilmoqda.
[gallery-31113]
Eng ulug‘, eng aziz ayyom — Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida poytaxtimizdagi barcha turdagi ommaviy axborot vositalarida samarali mehnat qilayotgan 70 nafardan ortiq jurnalistika sohasi faoliga «O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi» esdalik nishoni tantanali ravishda topshirildi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar jurnalistika sohasi rivojiga qaratilayotgan yuksak e’tibor va ijodkorlar mehnatining munosib qadrlanayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.
Nazokat Usmonova,
Nosirjon Haydarov (surat),
O‘zA