Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin
Mamlakatimiz mustaqilligining o‘ttiz ikki yillik bayrami Andijon viloyatining barcha tuman va shaharlarida yuqori ko‘tarinkilik bilan nishonlamoqda. “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” shiori ostida o‘tkazilayotgan bayram tadbirlari yurtdoshlarimizning bayram kayfiyatini ko‘tarmoqda.
“Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” shiori ostida Xo‘jaobod tumanida bo‘lib o‘tgan bayram tadbiri xo‘jaobodliklar va tuman mehmonlariga ko‘tarinki va bayramona kayfiyat ulashdi.
Yurtimizning har bir go‘shasi kundan-kunga obod bo‘lib bormoqda. Yangi-yangi uy-joylar, bog‘cha, maktab, stadionlar, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari, ishlab chiqarish korxonalari barpo etilib, qishlog‘u shaharlarimiz ko‘rkiga ko‘rk qo‘shmoqda.
Bu albatta, mamlakatimizdagi tinchlik-xotirjamlik, iqtisodiyotni rivojlantirish, xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirish yo‘lida olib borilayotgan islohotlar samarasidir. Jumladan, keyingi yillarda Xo‘jaobod tumanida ham keng ko‘lamli qurilish, bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Bugun tumanda bo‘layotgan o‘zgarishlar har qanday kishining havasini keltiradi.
Mahallalar, mehnat jamoalari vakillari, mehnat faxriylari, yoshlar ishtirokida tuman markazidagi stadionda bo‘lib o‘tgan bayram tadbirida tuman hokimi O‘tkirbek Shukurov so‘z olib, barchani mustaqilligimizning o‘ttiz ikki yillik bayrami bilan muborakbod etdi.
– Ona Vatanni sevish, istiqlolni ulug‘lash, hayot gultoji bo‘lmish insonni qadrlash keyingi yillarda davlatimiz siyosatining eng ustuvor yo‘nalishiga aylandi, – deydi Xo‘jaobod tumani hokimi O‘. Shukurov. – Xalqimizning asrlar davomidagi orzu-intilishlarini ifoda etib kelayotgan Mustaqillik bayrami esa yangicha ma’no-mazmunga ega bo‘lib, tom ma’noda umumxalq bayramiga aylandi. Shuning uchun ham ushbu eng ulug‘, eng aziz bayramni xalqimiz yuqori ko‘tarinkilik bilan nishonlamoqda.
[gallery-13315]
Sportchilar hamda o‘quvchi yoshlarning ko‘rgazmali chiqishlari bilan boshlangan bayram tadbiri kuy va qo‘shiqlarga ulanib ketdi.
– Bayram tadbiri men kabi barcha xo‘jaobodliklarga ko‘tarinki kayfiyat ulashmoqda, – deydi tumanning Bobur mahallasi, Gulobod ko‘chasida yashovchi, mehnat faxriysi Halimaxon Xurullayeva. – Ulkan ne’mat mustaqillik tufayli juda katta o‘zgarishlarning guvohi bo‘lyapmiz. Yoshim yetmishdan oshdi, ochig‘i, keyingi bir necha yil ichida mahallamizdagi, tumanimizdagi o‘zgarishlardan, bunyodkorlik ishlaridan aqlim shoshib qolmoqda. Har qadamda o‘zgarish, yangi qurilish. Qisqa muddatda barpo etilayotgan bir-biridan chiroyli binolarni ko‘rib, shu kunlarga yetkazganiga shukr qilaman. Ilohim yurtimiz tinch bo‘lsin, mana shunday xayrli ishlar boshida turgan yurtboshimiz omon bo‘lsin. Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin.
Taniqli san’atkorlar, qo‘shiqchilar, badiiy jamoalar, bolalar ansambllari tomonidan namoyish etilgan badiiy dasturlar barchaga xush va bayramona kayfiyat ulashdi.
– Yurtimizning eng baxtli yoshlaridan biriman, – deydi tadbir ishtirokchisi tumandagi 16-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti musiqa rahbari Dilxumora Ostonamirzayeva. – Yurtimizda biz, yoshlar uchun o‘z imkoniyatlarimizni yuzaga chiqarishda barcha sharoitlar yaratib berilgan. Men mana shunday bag‘rikeng, obod yurt farzandi ekanligimdan faxrlanaman. Hech qachon o‘zimni shu yurtdan ayro tasavvur qila olmayman. Bugungi Mustaqillik bayrami tantanalarida ishtirok etib, ana shu tuyg‘uni yanada chuqurroq his etdim. Mustaqilligimizga aslo ko‘z tegmasin.
Yuqori ko‘tarinkilik bilan o‘tkazilgan bayram tadbirlari tuman aholisi ruhiyati va kayfiyatini ko‘tarish bilan birga, ularning qalbida shukronalik, istiqlol g‘oyalariga hurmat va sadoqat, ona Vatanga muhabbat tuyg‘ularini, ertangi kunga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Mustaqillik bayrami tadbirlari Andijon viloyatning barcha tuman va shaharlarida yuqori ko‘tarinkilik bilan davom etmoqda.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA