Mustahkam oiladan farovon jamiyat sari
Istiqlol yillarida oila institutini mustahkamlash masalasiga ustuvor e’tibor qaratila boshlandi. Jamiyatning ajralmas bo‘lagi bo‘lmish oilalarni ijtimoiy, moddiy, m’naviy qo‘llab-quvvatlashning izchil mexanizmi yaratildi. “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti direktori, pedagogika fanlari doktori, professor Nodira Egamberdiyeva bilan suhbatimiz shu xususida bo‘ldi.
– O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yillik taraqqiyot yo‘lida oila institutini asrash va mustahkamlash, onalik va bolalikni himoya qilish, oilalar farovonligini ta’minlash borasida qanday ishlar amalga oshirildi? Bugun yurtimizdagi demografik jarayonlar, oilalar soni va tug‘ilish ko‘rsatkichlari bu borada qanday natijalarni ko‘rsatmoqda?
–O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligi — mamlakatimiz bosib o‘tgan taraqqiyot yo‘lini sarhisob qilish, erishilgan natijalarni baholash va kelgusi maqsadlarni belgilash uchun muhim tarixiy sana. Bu yillar davomida jamiyat hayotining barcha sohalari qatori oila institutini asrash va mustahkamlash, onalik va bolalikni himoya qilish, oilalar farovonligini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib keldi. Ayniqsa, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining hozirgi bosqichida farovon oila — kuchli jamiyat poydevori degan tamoyil davlat va jamiyat hayotida tobora aniq mazmun kasb etmoqda.
Bugungi kunda dunyo miqyosida ham oila institutini asrash va mustahkamlash masalasi alohida ahamiyat kasb etmoqda. Globallashuv, raqamli transformatsiya, mehnat migratsiyasi, urbanizatsiya va ommaviy madaniyat ta’siri oilaviy munosabatlar oldiga yangi vazifalarni qo‘ymoqda. Ana shunday sharoitda O‘zbekistonda oilalar farovonligini ta’minlash, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni asrash, sog‘lom oilaviy muhitni shakllantirishga qaratilgan siyosat izchil davom ettirilmoqda.
O‘zbekistonda o‘tkazilgan aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishning dastlabki natijalariga ko‘ra mamlakatimiz aholisi soni
39,0 million nafardan oshdi.
Shuningdek, respublikamizda oilalar soni yil sayin ortib bormoqda. Jumladan, 2026-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda oilalar soni
10,5 milliondan oshgan. Bu ko‘rsatkich 2020-yilga nisbatan 18,0 foizga ko‘paygan. Mazkur raqamlar oilaning nafaqat inson hayotidagi, balki mamlakatning ijtimoiy va demografik taraqqiyotidagi o‘rni ham tobora ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, mamlakatimizda tug‘ilish darajasining yuqori saqlanib qolayotgani ham demografik barqarorlikning muhim ko‘rsatkichlaridan biridir. Xususan, 2025-yil davomida mamlakatimizda 879,6 mingta tug‘ilish qayd etilgan.

- Bugun globallashuv, raqamli transformatsiya, mehnat migratsiyasi va urbanizatsiya oilaviy munosabatlarga o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. Shunday sharoitda yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, mas’uliyatli ota-onalikni shakllantirish, oilaviy qadriyatlarni asrash va oilalarni qo‘llab-quvvatlash borasida qanday yangi yondashuv va mexanizmlar joriy etilmoqda? Xususan, “Mas’uliyatli ota-onalik” loyihasi, raqamli platformalar hamda “Oqila ayollar” harakatining o‘rni qanday?
– So‘nggi yillarda yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash tizimi ham yangi mazmun bilan boyitildi. Nikohga kiruvchi yoshlarni oila psixologiyasi, reproduktiv salomatlik, huquqiy munosabatlar, oila byudjeti va mas’uliyatli ota-onalik bo‘yicha o‘qitish qamrovining 2022-yilga nisbatan qariyb 97 foizga oshgani bu boradagi ishlar ko‘lamini ko‘rsatadi.
Yosh oilalarda milliy qadriyatlarga asoslangan farovon va barqaror muhitni shakllantirishga qaratilgan “Mas’uliyatli ota-onalik” loyihasi ham bugungi islohotlarning muhim tarkibiy qismiga aylandi. Loyiha doirasida 2025-yil 10-iyuldan 22-avgustga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, 12 ta viloyat va Toshkent shahrida o‘tkazilgan seminar-treninglarda 964 nafar mas’ul xodim ishtirok etdi. Hududlarda tayyorlangan 3341 ta targ‘ibot guruhi tomonidan mahalla, ta’lim muassasalari va mehnat jamoalarida 6918 ta tadbir o‘tkazilib, ularga 127 776 nafar ishtirokchi jalb qilindi. Loyiha doirasida 60 ming nusxada 6 nomdagi uslubiy qo‘llanmalar, veb-sayt, mobil ilova va 126 ta media-targ‘ibot materiallari tayyorlanib, respublika bo‘ylab vazirlik, idora va mahallalarga yetkazildi.
Bugun oila siyosatida raqamli texnologiyalar imkoniyatlaridan foydalanishga ham alohida e’tibor berilmoqda. “Yoshoila.uz”, “Baxtiyor oila”, “Mas’uliyatli ota-onalik” kabi elektron platformalar orqali fuqarolar oilaviy munosabatlar, psixologiya, huquqiy maslahat va tarbiya masalalariga oid zarur ma’lumotlarni onlayn tarzda olish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Mamlakatimizda oilaviy qadriyatlarni asrash va sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirishda jamoatchilik institutlarining ishtiroki ham kengayib bormoqda. Xususan, “Oqila ayollar” harakati bu borada samarali ijtimoiy mexanizmlardan biriga aylandi. Bugun mazkur harakat safida qariyb 200 ming nafar faol va tashabbuskor ayollar jamlangan bo‘lib, ularning sa’y-harakatlari natijasida 250 mingga yaqin bolaning noto‘liq oilada ulg‘ayishining oldi olingan.
– Oila institutini mustahkamlashda gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, oilaviy zo‘ravonlikning oldini olish va oilaviy nizolarni barvaqt hal etish ham muhim ahamiyatga ega. “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti bu yo‘nalishlarda qanday ilmiy va amaliy ishlar olib bormoqda? O‘tkazilgan tadqiqotlarda oilalarning baxtlilik va qoniqish darajasi qanday baholangan va kelgusida oila institutini yanada mustahkamlash uchun qanday vazifalar ustuvor bo‘ladi?

– Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, gender tenglikni ilgari surish masalalari ham davlat siyosatining muhim yo‘nalishiga aylandi. So‘nggi yillarda mamlakatimizning xalqaro indeks va reytinglardagi o‘rni yaxshilanib borayotgani ham amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarning natijasidir.
“Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy xodimlari mazkur yo‘nalishda ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqish va ularni tegishli vazirlik hamda idoralarga kiritish bo‘yicha qator tadqiqotlarni amalga oshirmoqda. 2026-yilda BMTning gender ko‘rsatkichlari minimal to‘plami — 52 ta miqdoriy va 11 ta sifat indikatori asosida O‘zbekistonning gender profilini ishlab chiqish nazarda tutilgan.
O‘zbekiston Respublikasining “2030-yilgacha gender tenglikka erishish strategiyasi” ijrosini SMART metodologiyasiga asoslangan ko‘rsatkichlar tizimi orqali kompleks baholash ham mazkur yo‘nalishdagi ilmiy-amaliy ishlarning muhim qismi hisoblanadi.
Ayni paytda mamlakatimizda oila institutini huquqiy jihatdan muhofaza qilish mexanizmlari ham takomillashtirilmoqda. Oilaviy-maishiy zo‘ravonlikka qarshi kurashish, jabrlanganlarni himoyalash va profilaktika ishlarini kuchaytirish bo‘yicha yangi huquqiy mexanizmlar joriy qilindi. “Oila sudyalari” tizimi va sudgacha mediatsiya instituti esa oilaviy nizolarni imkon qadar erta hal etish, taraflarni yarashtirish va oilaviy munosabatlarni saqlab qolishga xizmat qilmoqda.
Olib borilayotgan ishlar natijasini aholining oilaviy hayotdan qoniqish darajasida ham ko‘rish mumkin. Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan 12 697 nafar respondent ishtirokida o‘tkazilgan sotsiologik tadqiqot natijalariga ko‘ra, 2026-yilda O‘zbekiston oilalarining umumiy baxtlilik indeksi 0,618 ballni tashkil etdi va mazkur ko‘rsatkich “yuqori” daraja sifatida baholandi.
Xususan, oilaviy hayotdan qoniqish va baxtlilikni his qilish indikatori 2023-yildagi 0,667 balldan 2026-yilda 0,750 ballgacha oshgan. Oilaviy qadriyatlarning ahamiyati bo‘yicha ko‘rsatkich esa 0,793 ballni tashkil etgan. Bu natijalar jamiyatimizda oila muqaddasligi, o‘zaro hurmat, ishonch va mas’uliyat kabi qadriyatlar o‘z ahamiyatini saqlab qolayotganini ko‘rsatadi.
O‘zbekiston mustaqilligining 35 yillik taraqqiyot yo‘li shuni ko‘rsatdiki, oila farovonligi mamlakat farovonligidan ajralmas tushunchadir. Davlatning iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyoti, inson kapitalining rivojlanishi, ma’naviy muhit va avlodlar kelajagi, eng avvalo, oilada shakllanadi.
Shu ma’noda Yangi O‘zbekistonda oilaga faqat jamiyatning bir bo‘g‘ini sifatida emas, balki milliy taraqqiyotning muhim instituti sifatida qaralmoqda. Oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning iqtisodiy va ma’naviy barqarorligini ta’minlash, yoshlarni mustaqil va mas’uliyatli oilaviy hayotga tayyorlashga qaratilgan islohotlar yangi bosqichda izchil davom etmoqda.
O‘zA muxbiri Nazokat Usmonova suhbatlashdi.