Murojaatlar bilan samarali ishlash mexanizmlari
Aholi murojaatlari bilan ishlash fuqarolarning muammolari o‘z vaqtida hal etilishida muhim omil hisoblanadi. Bu borada har bir tashkilot zimmasida muayyan vazifalar mavjud.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Farg‘ona viloyat kengashi tashabbusi bilan aholi murojaatlarini samarali hal etishda yangicha yondashuvlarni joriy etish borasida tajriba almashish uchun respublika seminari bo‘lib o‘tdi.
Unda partiya Markaziy Kengashi mas’ullari, mahalliy Kengashlar deputatlari, partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar kengashlari raislari etdi.
Seminar ishtirokchilari dastlab Farg‘ona viloyatida aholi murojaatlari bilan ishlash, fuqarolarning muammolarini tizimli o‘rganish va ularni joyida hal etish borasida to‘plangan ilg‘or tajriba bilan yaqindan tanishdi.

Tadbir davomida ijtimoiy himoyaga muhtoj, ehtiyojmand oilalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va xotin-qizlarning muammolarini o‘rganish hamda ularni samarali bartaraf etishda jamoatchilik nazorati mexanizmi va deputatlik birlashmalarining o‘rni xususida mulohaza yuritildi.
Shuningdek, murojaatlarni shunchaki ro‘yxatga olish emas, balki ularning kelib chiqish sabablarini “mahallabay”, “xonadonbay” tahlil qilish va tizimli muammolarni mahalliy Kengash sessiyalariga olib chiqib, mutasaddi idoralar oldiga aniq masala qo‘yish lozimligi qayd etildi.
Seminarda aholi murojaatlarini samarali hal etish, odamlarning og‘irini yengil qilish Xalq demokratik partiyasining ustuvor maqsadlaridan biri ekani, har bir oila, har bir fuqaro bu imkoniyatdan foydalanishida partiyaning hududiy birlashmalari tayanch bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi.
Yakunda aholi murojaatlari bilan ishlash, fuqarolarning muammolarini hal etish samaradorligini oshirish bo‘yicha kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.
M.Komilova,
O‘zA