Murojaatlar bilan ishlashda ochiqlik va samaradorlik ta’minlanmoqda
“O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyatida jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash tizimi muntazam takomillashtirib borilmoqda.
Murojaatlarni qonunchilik talablari asosida qabul qilish, o‘z vaqtida va xolisona ko‘rib chiqish hamda ularda ko‘tarilgan masalalarga yechim topish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida jamiyat axborot xizmati rahbari Hojiakbar To‘laganov 2026-yilning birinchi yarim yilligi yakunlariga bag‘ishlangan brifingda ma’lumot berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hisobot davrida “O‘zkimyosanoat” AJ ijro apparati hamda tarmoq korxonalariga jami 1090 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 452 tasi og‘zaki, 326 tasi yozma va 312 tasi elektron shaklda qabul qilingan.
Kelib tushgan barcha murojaatlar belgilangan tartibda ko‘rib chiqilgan. Jumladan, 570 ta murojaat bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berilgan, 359 tasi esa ijobiy hal etilgan.
Ta’kidlanganidek, bu natijalar murojaatlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish, fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari bilan ochiq muloqotni ta’minlash hamda ko‘tarilgan masalalarni amaliy hal etish borasida olib borilayotgan ishlar samarasini ko‘rsatmoqda.
Ijro apparatiga kelib tushgan murojaatlarning hududlar kesimidagi tahliliga ko‘ra, eng ko‘p murojaatlar Navoiy viloyati (56 ta), Toshkent viloyati (32 ta), Qashqadaryo viloyati (15 ta), Toshkent shahri (11 ta), boshqa hududlar va chet davlatlar (9 ta), shuningdek, Farg‘ona viloyati (6 ta) hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Murojaatlarning asosiy qismi ishga joylashish, mineral o‘g‘itlar xaridi, homiylik yordami ko‘rsatish, hamkorlik masalalari, mineral o‘g‘itlar eksporti hamda boshqa yo‘nalishlarga oiddir.
Shuningdek, hisobot davrida ijro apparatiga kelib tushgan murojaatlarning 101 tasi jismoniy, 46 tasi esa yuridik shaxslar tomonidan yuborilgan.
Brifing yakunida qayd etilganidek, murojaatlarni muntazam tahlil qilish, ularda ko‘tarilayotgan masalalarni tizimli o‘rganish va aniqlangan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar murojaatlar bilan ishlash sifatini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
N.Ziyodullayeva, O‘zA