Muqaddas burch
Navoiy viloyati Uchquduq tumanida joylashgan harbiy qismda bir guruh yoshlar Vatanimizni ishonchli himoya qilishga, uning sodiq va fidoyi farzandi bo‘lishga tantanali ravishda qasamyod qildi.
Yangi chaqirilgan muddatli harbiy xizmatchilar, ularning ota-onalari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan Vatanga qasamyod qabul qilish marosimida so‘zga chiqqanlar yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini ta’minlashdek sharafli va mas’uliyatli vazifani bajarishga bel bog‘lagan yosh askarlar hamda ularning yaqinlarini samimiy muborakbod etdi.

Shundan so‘ng yosh askarlar O‘zbekiston xalqiga va Prezidentiga sadoqatli bo‘lishga, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi talablarini so‘zsiz va vijdonan bajarishga, xalq va davlat manfaatlarini himoya qilishga tantanali ravishda va’da berdi.

– Har qanday davlatning mustaqilligi, unda istiqomat qilayotgan aholining erki, tinch-totuv hayot kechirishi uning o‘z armiyasi, Qurolli Kuchlari tomonidan himoya qilinadi, – deydi Qashqadaryo viloyati, Koson tumanidan kelgan Nilufar Hasanova. – Bugungi Armiyamiz esa mamlakatimiz xavfsizligi va barqarorligi, uning sarhadlari daxlsizligini ta’minlashga qodir. Harbiy majburiyatni o‘tash esa har bir yigit-qiz uchun katta sharaf. O‘g‘lim Maqsudbek Ahmadov ham bugun o‘z yigitlik burchini sharaf bilan bajarish, Vatanimizga sodiq farzand bo‘lishga tantanali qasamyod qildi. Har bir ota-ona uchun o‘z farzandining Vatan himoyachisi degan nomga ega bo‘lishi eng katta baxt sanaladi. Bugun shu baxtni yurakdan his qildim.

Tadbir davomida Vatanni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar yangrab, sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Ayniqsa, buyuk ajdodlarimiz – Amir Temur, Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon va Munavvarqori Abdurashidxonov siymosining sahnada gavdalantirilishi yoshlarning jasorati va fidoyiligini yanada oshirishga xizmat qildi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Albatta, bugungi islohotlar nafaqat iqtisodiy yoki siyosiy sohalarni, balki jamiyat ma’naviyatini yuksaltirishni ham qamrab olmoqda. Zero, kuchli armiya, avvalo, yuksak ma’naviyatli, vatanparvar va fidoyi yoshlarga tayanadi.
Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalangan yoshlar esa Yangi O‘zbekiston islohotlarining eng mustahkam tayanchidir.
A. Bo‘riyev, O‘zA muxbiri