Muloqotdan amaliyotga ko‘chayotgan hamkorlik
Mamlakatimiz ishbilarmonlari ko‘plab davlatlar bilan manfaatli sohalarda o‘zaro aloqalarni o‘rnatib, samarali kelishuvlarga erishib kelmoqda.
Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Qahramon Yo‘ldoshev Sankt-Peterburg Sanoat siyosati, innovatsiyalar va savdo qo‘mitasi raisi o‘rinbosari O.Gorishina bilan uchrashdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda yetishtirilgan meva-sabzavot mahsulotlarini Sankt-Peterburgning "Lenta", "OKEY", "X5 Group", "Magnit" kabi yirik savdo va chakana savdo tarmoqlariga yetkazib berish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, «Melek» xolding va «NEVA MILK» kompaniyalari o‘rtasida tovarlarni o‘zaro distributsiya qilish masalalari ham ko‘rib chiqildi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotida.
Uchrashuv yakunida vazirlik va qo‘mita o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum hamda «Melek» va «NEVA MILK» o‘rtasida tovarlarni distributsiya qilish yuzasidan kelishuv imzolandi.
Marhabo HOJIAKBAROVA,
O‘zA