Muhimi sifat va samaradorlik
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 13-Qashqadaryo okrug saylov komissiyasida saylov qonunchiligi bo‘yicha hududiy trenerlar ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda joriy yilning 4-22 oktyabr kunlari uchastka saylov komissiyalari a’zolari uchun o‘tkaziladigan qo‘shimcha o‘quv-maslahat mashg‘ulotlari xususida so‘z yuritildi.
Yig‘ilishda ta’kidlandiki, uchastka saylov komissiyalari a’zolarining saylov qonunchiligi bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini yanada oshirishga qaratilgan mazkur o‘quv-maslahat mashg‘ulotlari “uchastkabay” ishlash tizimida, ya’ni uchastkama-uchastka yurish orqali amalga oshiriladi. Hududiy trenerlar saylov uchastkalarida komissiya a’zolari bilan saylov qonunchiligi va amaliyoti yuzasidan savol-javob qilib, ochiq muloqotlar o‘tkazadi. Ochiq muloqot natijasiga qarab, zarurat tug‘ilsa, tegishli mavzular bo‘yicha qisqa ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlar olib boriladi. Saylov qonunchiligi va amaliyoti bo‘yicha tayyorlangan qo‘llanmalar, videomateriallardan foydalangan holda maslahatlar beriladi.
[gallery-4150]
O‘quv-maslahat mashg‘ulotlari samaradorligini ta’minlash maqsadida hududdagi USKlar hududiy trenerlar o‘rtasida teng taqsimlanadi. Qashqadaryo viloyatida 1001 ta uchastka saylov komissiyasi borligini va hududiy trenerlar soni 60 dan ortiqligini inobatga olsak, bu har bir trenerga 16-17 tadan USK to‘g‘ri kelishini anglatadi. Bitta trener bir kunda 4-5 ta USKda mashg‘ulot olib borishi natijasida saylov kuniga qadar har bir uchastkada 2-3 martadan mashg‘ulot o‘tkazish imkoni tug‘iladi.
Yig‘ilishda mashg‘ulotlarni sifatli va samarali o‘tkazish uchun ahamiyat qaratilishi muhim bo‘lgan jihatlarga alohida to‘xtalib o‘tildi.
O‘lmas Baratov,
Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA