Muhim vazifalar belgilab olindi
Xalq deputatlari Andijon viloyati kengashining navbatdagi yigirmanchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiya kun tartibida qator masalalar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining “Andijon viloyati mahalliy byudjetining 2025-yildagi ijrosi to‘g‘risidagi hisoboti bo‘yicha xulosasi”, “Andijon viloyati mahalliy byudjetining 2026-yil 1-chorak ijrosi to‘g‘risidagi hisobotini tasdiqlash” to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, deputatlar tomonidan Andijon viloyatida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonlarida suv ta’minotini yaxshilashga qaratilgan dastur tasdiqlandi.
Dastlabki loyiha qiymati 81,9 milliard so‘mni tashkil etgan mazkur dastur doirasida Andijon tumanidagi “Ochopar” nasos stansiyasini rekonstruksiya qilish, 13 ta yangi hovuz qurish, 18 kilometrli yangi quvur tortish, shuningdek, tumanning boshqa hududlarida hamda Asaka, Marhamat, Jalaquduq, Xo‘jaobod tumanlarida suv ta’minotini yaxshilashga qaratilgan qator loyihalarni amalga oshirish belgilangan.


Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 15-fevraldagi “Andijon viloyatida “Ipak yo‘li” erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi, shuningdek, viloyat hududidagi erkin iqtisodiy, kichik, yoshlar va maxsus sanoat zonalarini rivojlantirish, ularda investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda ishlab chiqarishni kengaytirish borasida olib borilayotgan ishlarni o‘rganish yakunlariga oid masala ham ko‘rib chiqildi.
Prezident qaroriga asosan Andijon tumani A. Ismoilov massivi hududidagi 218,2 gektar yer maydonida “Ipak yo‘li” erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
Bugungi kunga qadar erkin iqtisodiy zona hududining 105,4 gektar qismida umumiy qiymati 530,5 million dollarlik 21 ta investitsiya loyihasi joylashtirildi, ularda 3 ming 370 ta yangi ish o‘rni yaratilishi belgilangan.
Xususan, hududda 2024-yilda qiymati 302,4 million dollarlik 9 ta, 2025-yilda qiymati 168 million dollarlik yana 9 ta loyiha joylashtirilgan. 2025-yil davomida qiymati 43 million dollarlik 4 ta loyiha ishga tushirilib, 115 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan hamda 300 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.


Joriy yilning 1-choragida esa “CHINA BAOLI” MCHJ tomonidan qiymati 60 million dollarlik alyumin profillar ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirilib, 80 nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi.
Shuningdek, sessiyada viloyatda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, suv yo‘qotilishini kamaytirish, irrigatsiya ob’ektlarini ta’mirlash borasidagi hamda o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari, ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risidagi masalalar ham muhokama qilindi.
Sessiya davomida barcha masalalar atroflicha tahlil etilib, muhim vazifalar belgilab olindi, ko‘rilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari