Mol-mulk va yer solig‘ini to‘lashni unutmang
Soliq to‘lovchi jismoniy shaxslar to‘lashi zarur bo‘lgan soliqlardan biri mol-mulk va yer solig‘idir. Bu turdagi soliqlar kalendar yil uchun har yili hisoblanib, 15-oktabrga qadar to‘lanishi shart.
Fuqarolar qonun bilan belgilangan soliqlar va
mahalliy yig‘imlarni to‘lashga majburdirlar.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, 51-modda.
Soliq to‘lovchi jismoniy shaxslar to‘lashi zarur bo‘lgan soliqlardan biri mol-mulk va yer solig‘idir. Bu turdagi soliqlar kalendar yil uchun har yili hisoblanib, 15-oktabrga qadar to‘lanishi shart.
– Mol-mulk va yer solig‘i mahalliy byudjet daromadlarini to‘ldirishga xizmat qiladi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi jismoniy shaxslarga soliq solish bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Ravshan Nasimov. – Bu mablag‘lar hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, obodonlashtirish, aholining ijtimoiy muhofazasini ta’minlash kabi xayrli maqsadlarga sarflanadi.
Mol-mulk solig‘i obyektiga ko‘chmas mulk – uy-joy, kvartira, dala hovli, garaj va boshqa imoratlar, inshootlar kiradi. Yer solig‘i obyektiga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ajratilgan yer uchastkalari kiradi. Ko‘p kvartirali uylar egallagan yer uchastkalari soliq solish obyekti bo‘lmaydi. Faqat bu kabi yer uchastkalari tadbirkorlik faoliyati yuritish uchun foydalanishga yoki ijaraga berilgan bo‘lsa, unga soliq solinadi.
Ma’lumki, soliq stavkalari har yili qayta ko‘rib chiqiladi. Davlatimiz rahbarining 2014-yil 4-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2015-yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va davlat byudjeti parametrlari to‘g‘risida”gi qaroriga binoan 2015-yilning 1-yanvaridan boshlab jismoniy shaxslarning mol-mulk solig‘i 1,10, yer solig‘i 1,15 baravar indeksatsiya qilindi.
Bu turdagi soliqlarni hisoblashda ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organ taqdim etadigan ma’lumotlarga asoslaniladi. Davlat soliq xizmati organlari tomonidan mol-mulk va yer soliqlari summasi, to‘lash muddati ko‘rsatilgan to‘lov xabarnomasi jismoniy shaxslarga har yili 1-maydan kechiktirilmasdan topshiriladi.
Mol-mulk va yer solig‘i to‘lash borasida imtiyozlar ham mavjud. Soliq kodeksiga muvofiq o‘n va undan ortiq bolalari bor ayollar, birinchi va ikkinchi guruh nogironlari hamda pensionerlar qonun hujjatlarida belgilangan soliq solinmaydigan maydon o‘lchami doirasida mol-mulk solig‘idan imtiyozga ega. Bu o‘lcham 60 kvadrat metr maydonni tashkil etib, fuqaroning egaligidagi uy-joy hajmi undan oshganda u shu qism uchun belgilangan stavkada soliq to‘laydi.
2014-yil 4-dekabrda qabul qilingan “Soliq va byudjet siyosatining 2015-yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxslarning soliq to‘lash tartibi birmuncha o‘zgartirildi. Tadbirkorlik faoliyati uchun berilgan yer uchastkalari, shuningdek, fuqarolar tomonidan turar joy fondi obyektlari noturar joy fondi toifasiga o‘tkazilganda yoki noturar joy fondi obyektlari mulk sifatida xarid qilinganda jismoniy shaxslarning mol-mulk va yer soliqlari yuridik shaxslar uchun belgilangan stavka bo‘yicha to‘lanadi.
Jismoniy shaxs yoki oilaviy korxona turar joydan unda istiqomat qilish bilan bir vaqtda tovarlar ishlab chiqarish (ishlar bajarish, xizmat ko‘rsatish) uchun foydalangan taqdirda, mol-mulk solig‘i jismoniy shaxslar uchun belgilangan stavka bo‘yicha to‘lanadi. Bu 2015-yil 20-avgustda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik subyektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunga asosan Soliq kodeksida o‘z ifodasini topdi.
Mol-mulk va yer solig‘ini hisobot yilining 15-oktabriga qadar to‘lash majburiydir. Uni o‘z vaqtida amalga oshirmagan shaxslarga nisbatan javobgarlik choralari belgilangan. Soliq kodeksi talablariga muvofiq to‘lovning belgilangan muddatidan keyingi kundan e’tiboran har bir kun uchun 0,033 foiz miqdorida penya hisoblanadi. Fuqaro soliq organi tomonidan soliq qarzini uzish to‘g‘risida talabnoma berilgandan keyin o‘n kun ichida qarzini uzmasa, majburiy undiruv choralarini ko‘rish bo‘yicha sudga da’vo ariza kiritiladi.
Er kodeksiga asosan yer solig‘ini muntazam ravishda to‘lamay kelayotgan fuqarolarning butun yer uchastkasiga yoki uning bir qismiga egalik huquqini bekor qilish choralari qo‘llanilishi ham mumkin.