Mirobodda xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
Davlatimiz rahbarining 2025-yil 5-yanvardagi “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi joylarda izchil ta’minlanishiga Senat e’tibor qaratmoqda.
Mazkur hujjatda har bir mahallada kriminogen vaziyatga ta’sir etuvchi omillarni barvaqt aniqlash, oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar yuzasidan mahalliy hokimliklar mas’uliyatini oshirish zarurligi ko‘rsatilgan.
Ijtimoiy profilaktika samaradorligini kuchaytirish, ayollar va yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish hamda bu jarayonlar ustidan elektron nazorat tizimini joriy etish ustuvor vazifa etib belgilangan.

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi hamda xalq deputatlari Mirobod tumani kengashining qo‘shma majlisida qaror ijrosi ko‘rib chiqildi. Huquqbuzarliklar profilaktikasi, jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligi atroflicha muhokama qilindi.
Mahallabay ishlash tizimi asosida amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida tumanda joriy yilning birinchi choragida ayollar, yoshlar, ishsizlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar, shuningdek, mastlik holatida va guruh bo‘lib sodir etilgan jinoyatlar soni kamaygan.
Qo‘shma majlisda yashirin iqtisodiyotni qisqartirish, bozorlarni raqamlashtirish va qurilish sohasidagi korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha tuman hokimi, prokurori hamda ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi rahbarlarining axborotlari eshitildi.
Majlisda ishtirok etgan Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Q.Burxonov ijobiy natijalar bilan bir qatorda mavjud kamchiliklarga ham to‘xtalib, kriminogen omillarni barvaqt aniqlash va ijtimoiy profilaktika ustidan elektron nazoratni kengaytirish bo‘yicha mas’ullarga aniq topshiriq va tavsiyalar berdi.
Muhokamalar yakunida tegishli qaror qabul qilinib, belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan aniq chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.
N.Abduraimova, O‘zA