Mini futbolda o‘zaro bellashishdi
Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan Sirdaryo viloyati markazi — Guliston shahrida yosh harbiy xizmatchilar va xodimlar o‘rtasida mini futbol musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Mazkur musobaqa yoshlarning jismoniy tayyorgarligini rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda Navro‘z ayyomining ezgu an’analariga xos ravishda do‘stlik va birlik g‘oyalarini yanada kuchaytirish maqsadida tashkil etildi.
Musobaqa O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati Kengashi tashabbusi, Guliston harbiy prokuraturasi, viloyat sport boshqarmasi, Guliston davlat pedagogika instituti, Mudofaa ishlar boshqarmasi faxriylar kengashi hamda Jamoatchilik kengashi vakillari hamkorligida o‘tkazildi. Qizg‘in va murosasiz bahslar asosida o‘tgan musobaqada ishtirokchilar o‘z jismoniy imkoniyatlari, chaqqonlik va jamoaviy o‘yin mahoratini namoyon etdilar. Har bir uchrashuv muxlislar tomonidan katta qiziqish bilan kuzatildi va musobaqa haqiqiy sport bayramiga aylandi.


Yakuniy natijalarga ko‘ra, 1-o‘rinni Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi jamoasi ishonchli tarzda qo‘lga kiritdi. 2-o‘rin Sirdaryo viloyati Qo‘riqlash boshqarmasiga, 3-o‘rin esa Sirdaryo viloyati Bojxona boshqarmasi jamoasiga nasib etdi.


Musobaqa so‘ngida g‘olib va sovrindor jamoalar tashkilotchilar tomonidan diplomlar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA