Milliy yuksalishning yangi bosqichi: 7 ta dastur – yagona maqsad
Munosabat
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yillik qutlug‘ ayyomi milliy davlatchilik tariximizda mutlaqo yangi siyosiy va huquqiy bosqichni boshlab berdi. Yangi Toshkentning muhtasham maydonida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan so‘zlangan tarixiy nutq nafaqat o‘tgan davrda erishilgan natijalar hisoboti, balki kelajak o‘n yillikga mo‘ljallangan milliy yuksalishning mukammal va strategik xaritasiga aylandi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi vakili va qonun ijodkori sifatida ushbu nutqda ilgari surilgan ustuvor vazifalarni chuqur tahlil qilish, ularning huquqiy poydevorini mustahkamlash hamda parlament nazorati mexanizmini samarali yo‘lga qo‘yish eng birlamchi va muqaddas burchimizdir.
Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, mustaqillik bizga o‘zligimiz, milliy tilimiz, muqaddas qadriyatlarimiz va jadid bobolarimizning hurriyat haqidagi armonlarini to‘liq qaytarib berdi.
So‘nggi yillarda amalga oshirilgan tub islohotlarning eng muhim va e’tirofga loyiq natijasi – “Inson qadri uchun” degan ulug‘ g‘oyaning davlat siyosati markaziga olib chiqilganidir.

Xususan, “paxta qulligi”, bolalar va majburiy mehnatga butunlay barham berildi, konvertatsiya cheklovlari bekor qilindi hamda yillar davomida fuqarolarni qiynab kelgan “propiska” tizimi tarixda qoldi. Katta siyosiy iroda tufayli O‘zbekiston dunyoga keng ochildi. Mamlakatimiz “Iqtisodiy erkinlik indeksi”da 80 pog‘ona yuqorilab, “iqtisodiyoti mo‘’tadil erkin” davlatlar qatoridan mustahkam o‘rin egalladi.
Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha yaratilgan “mahallabay” ishlash tizimi va manzilli yordam ko‘rsatish mexanizmi natijasida mamlakatimizda kambag‘allik darajasi 2017-yildagi 35 foizdan 4 foizga tushirildi. Ushbu raqamlar zamirida ro‘zg‘origa baraka kirgan 10 million yurtdoshimizning quvonchi mujassam.
Aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 1991-yildagi 66,4 yoshdan 2025-yilda 75,4 yoshga yetgani, go‘daklar va onalar o‘limi 4 barobar kamaygani, 650 mingdan ziyod oila yangi zamonaviy uy-joyga ega bo‘lgani – ijtimoiy va huquqiy davlat tamoyillarining hayotdagi bevosita amaliy ifodasidir.
Prezidentimiz o‘z nutqida kelgusi o‘n yillik milliy yuksalish davri bo‘lishini ta’kidlab, mamlakatimizda inson qadrini yanada yuksaltiradigan 7 ta Milliy dasturni amalga oshirish tashabbusini ilgari surdi.
Ushbu strategik tashabbuslar, eng avvalo, inson kapitali va ijtimoiy muhofazani yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan bo‘lib, unda ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimini tubdan modernizatsiya qilish, 6 yoshli bolalarni bog‘chaga 100 foiz qamrab olish, milliy oliygohlarni TOP-1000 talikka kiritish hamda tibbiy sug‘urtani barcha xonadonlarga tatbiq etish kabi maqsadlar ustuvor etib belgilangan. Shu bilan birga, 450 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalar va sun’iy intellekt, IT sohalarini rivojlantirish orqali YAIM hajmini 300 milliard dollarga yetkazish, suv tejovchi texnologiyalarni 100 foizga yetkazib, ekologik barqarorlikni ta’minlash nazarda tutilgan.
Ikkinchi tomondan, dasturlar jamiyatda adolat va barqarorlikni mustahkamlashga yo‘naltirilib, sud mustaqilligi, qonun ustuvorligi, kiberjinoyatchilik va “yashirin iqtisodiyot”ga qarshi kurash hamda ayollar va bolalar huquqlarini muhofaza qilishni qamrab oladi. Mahalla davlat va investitsiya dasturlarining bosh buyurtmachisiga aylantirilib, aholi ehtiyojlari birinchi o‘ringa olib chiqiladi. Tashqi siyosatda esa Markaziy Osiyoda ahil qo‘shnichilik, iqtisodiy diplomatiya va Qo‘shilmaslik harakatiga bo‘lajak raislik orqali O‘zbekistonning tinchlikparvar vazmin maqomi mustahkamlanadi.
O‘z navbatida bu dasturlar Qonunchilik palatasi zimmasiga ham ulkan va mas’uliyatli vazifalarni qo‘yadi. Jumladan, 7 ta Milliy dasturning har biri bo‘yicha tegishli qonun loyihalarini puxta va xalq manfaatlaridan kelib chiqqan holda ishlab chiqish hamda amaldagi kodekslarni zamon talablariga moslashtirish, ajratilayotgan byudjet mablag‘lari, ijtimoiy va infratuzilma loyihalarining mahallalarda shaffof hamda manzilli ishlatilishi ustidan qat’iy deputatlik nazoratini o‘rnatish talab etiladi.
Xulosa qilib aytganda, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 7 ta Milliy dastur 35 yillik mustaqil taraqqiyot yo‘limizning mantiqiy davomi bo‘lib, Yangi O‘zbekistonning kelgusi o‘n yillikdagi buyuk yuksalish xaritasini belgilab beradi. Bu strategik tashabbuslar istiqlolimiz bergan eng oliy ne’mat – inson qadri, milliy o‘zligimiz va suverenitetimizni yanada mustahkamlash, xalqimiz farovonligini yuksaltirishga xizmat qiladi. Mustaqillik yillarida to‘plangan boy tajriba va yagona maqsad atrofida birlashgan xalqimizning bunyodkorlik qudrati belgilab olingan yuksak marralarga, albatta, erishishimizni hamda Vatanimizning yangi va oltin tarixini birgaliqda barpo etishimizni to‘liq kafolatlaydi.
Mavluda ADHAMJONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
“Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi.
O‘zA