Milliy tibbiyot markazida bir vaqtning o‘zida ikkita jigar transplantatsiyasi amaliyoti o‘tkazilmoqda
Mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimida so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar natijasida eng murakkab, yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yilmoqda. Ayni paytda Milliy tibbiyot markazida noyob va o‘ta murakkab jarayon kechmoqda.
Markaz matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, shifoxonada bir vaqtning o‘zida, parallel ravishda ikki nafar og‘ir bemorda jigar transplantatsiyasi amaliyoti olib borilmoqda.
Ushbu o‘ta mas’uliyatli amaliyotlar tibbiyot fanlari doktori, tajribali transplantolog Jasur Sobirov boshchiligidagi yuqori malakali multidissiplinar jamoa tomonidan bajarilmoqda. Jarrohlik amaliyotining bir vaqtda o‘tkazilishi o‘zbek tibbiyotining salohiyati va texnik imkoniyatlari nechog‘li yuqori ekanini ko‘rsatadi.
Quvonarlisi, mazkur transplantatsiyalarda insoniylik va bag‘rikenglikning yuksak namunasi namoyon bo‘lmoqda. Tirik donorlik tamoyili asosida o‘tayotgan ushbu amaliyotda bemorlardan biriga uning turmush o‘rtog‘i, ikkinchisiga esa o‘z tog‘asi jigarining bir qismini bermoqda. Yaqinlarining hayotini saqlab qolish uchun chin dildan qilingan ushbu fidokorlik nafaqat yuksak insonparvarlik ifodasi, balki zamonaviy transplantologiyaning murakkab klinik va tashkiliy jarayonlarini ham o‘z ichiga oladi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bir vaqtning o‘zida ikkita jigar transplantatsiyasini muvaffaqiyatli tashkil etish va boshqarish juda katta kuch hamda mahorat talab etadi. Bu jarayonda yuqori darajadagi jarrohlik san’ati bilan birga, anesteziologik ta’minot, intensiv terapiya, laborantlik va diagnostika xizmatlarining zargarona aniqlikdagi uzviy hamkorligi hamda har bir bosqichning xalqaro standartlar asosida muvofiqlashtirilishi lozim. Markaz shifokorlari ushbu sinovli jarayonni yuqori professional darajada uddalamoqda.
Doktor Jasur Sobirov boshchiligidagi transplantologlar jamoasi bu kabi murakkab operatsiyalarni izchil yo‘lga qo‘yish, tibbiyotga innovatsion yondashuvlarni tatbiq etish va eng muhimi, umidsizlikka tushgan bemorlarga yangi hayot baxsh etish yo‘lida o‘zlarining yuksak salohiyatlarini yana bir bor namoyon etmoqda.
Murakkab amaliyotlarning Milliy tibbiyot markazida muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yilgani mamlakatimizda transplantologiya yo‘nalishi jahon tibbiyoti andozalari darajasida izchil rivojlanib borayotganining yana bir amaliy tasdig‘idir.
Mohigul Qosimova, O‘zA