Milliy raqs san’atimiz darg‘asi
Poytaxtimizda O‘zbekiston xalq artisti, buyuk baletmeyster va mohir pedagog, “Bahor” ansambli asoschisi Mukarrama Turg‘unboyeva tavalludining 110 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro anjuman o‘tkazildi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi, Madaniyat va turizm vazirligi, Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi, Mukarrama Turg‘unboyeva nomidagi “Bahor” davlat raqs ansambli va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etildi.

Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov, “Bahor” davlat raqs ansambli direktori Gulnora Musayeva, O‘zbekiston xalq artisti Ziyoda Madrahimova va boshqalar milliy raqsga e’tiborni kuchaytirish madaniy-ma’rifiy islohotlarda o‘ziga xos o‘rin egallashini ta’kidladi.
31 may – o‘zbek milliy raqs san’atining darg‘asi, “Bahor” davlat raqs ansambli asoschisi, O‘zbekiston xalq artisti Mukarrama Turg‘unboyeva tavallud topgan kun.
San’atkorning o‘z atrofida mohir baletmeysterlar, xoreograflar, hofizlar, bastakorlarni jamlay olgani milliy raqs san’atimiz rivojida alohida o‘rin egalladi.
Mukarrama Turg‘unboyeva o‘zbek xoreografiyasining oltin fondidan o‘rin olgan “Tanovar”, “Katta o‘yin”, “Pilla”, “Paxta” kabi ko‘plab milliy raqslarning muallifi va ijrochisidir.
Mukarrama opa asos solgan “Bahor” ansambli o‘zbek milliy raqslari bilan dunyoning ko‘plab mamlakatlarida bo‘lib, milliy raqs san’atimizni faol targ‘ib etgan.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan “Bahor” davlat raqs ansamblining qayta tiklangani madaniy hayotimizda ulkan voqelik bo‘ldi. Qayta tashkil etilganiga qisqa fursat bo‘lsada, ansambl yangi O‘zbekistonning yangi “Bahor” ansambli sifatida Tojikiston, Ozarbayjon, Turkiya, Fransiya, Rossiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Italiya kabi davlatlarda o‘zbek raqs san’atini namoyish etdi.
– Mukarrama Turg‘unboyevaning san’ati, ijodi boshqa raqs jamoalari uchun ham o‘ziga xos maktab bo‘lgan, – dedi Tojikiston davlat “Lola” ansambli direktori Kenja Ibragimov. – Bu raqslar azaliy ildizlarga, an’analariga tayangani, milliy ruhi bilan qadrlidir.
Xalqaro konferensiyada ko‘plab xorijiy davlatlarning baletmeysterlari, raqqoslari, badiiy jamoa rahbarlari o‘zbek milliy san’ati, Mukarrama Turg‘unboyeva ijodi, milliy raqs san’atimiz bo‘yicha jahonda kechayotgan tendensiyalar yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.
Konferensiya doirasida ijodiy muloqotlar, konsertlar, xotira tadbirlari o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Nazokat Usmonova,
O‘zA