Millat va til taqdiri bir biriga bog‘liq
Farzand tarbiyasida bolani Vatanni sevishga, ona tilini yaxshi bilishga undash o‘ta muhim jihat sanaladi. Tilni ardoqlash millatni sevish va uni qadrlash bilan tengdir.
Til yashasa millat yashaydi, jamiyat taraqqiy etadi. Tilni millatning qiyofasiga, ma’naviy boyligining bir bo‘lagiga o‘xshatishadi. Darhaqiqat, til xalqning madaniyati, urf-odatlari saqlanib qolishida asosiy vosita sanaladi.
Qaysi bir xalq o‘z ona tilida muloqotni kamaytirsa, o‘qishni to‘xtsa o‘sha til yo‘qolish sari yuz tutadi. Tilning taraqqiyoti, barhayotligi o‘sha xalqning madaniyati, urf-odati boqiyligini ta’minlaydi. Millat taqdiri til taqdiri bilan bevosita bog‘liqligi ana shunda namoyon bo‘ladi.
Bu mulohazalardan tilning faqatgina muloqot vositasi emasligiga amin bo‘lamiz. Inson qalbining xazinasi til, bu qalb xazinasining kaliti esa so‘zdir, deyilgani ayni haqiqat.
Davlat tilida mamlakatni idora qilish, yurt qalam ahlining shu tilda ijod qilishi, ta’limning ona tilida olinishi katta ahamiyatga ega. bugungi kunda mamlakatimizda davlat tilining maqomini, nufuzini oshirish va mustahkamlash borasidagi islohotlarni alohida e’tirof etish joiz. Xususan, prezidentimizning ona tilimizga davlat tili maqomi berilgan kunni umumxalq bayrami sifatida nishonlash haqidagi farmoni tilimizga bo‘lgan e’tiborni davlat siyosati darajasiga ko‘tardi.
O‘zbek tilining mavqeyi ortib, undan nufuzli xalqaro tadbir va anjumanlarda ham foydalanilmoqda. Bu boradagi ishlar samarasini oshirish uchun o‘zbek tilini o‘qitish metodlarini yangi bosqichga chiqarish, til o‘rgatishda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish davr talabi sanaladi. Bu yo‘nalishdagi loyihalarning davlat tomonidan qo‘llab quvvatlanayotgani, til ravnaqiga xizmat qiladigan ilmiy izlanishlar qilinayotgani, ilmiy adabiyotlar, kitoblar chop etilayotgani esa e’tiborga molik.
Sobir Shukurov, O‘zA