MIB: sayyor sudda alimentchi otalarga ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi
MIB Surxondaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i D.Boboxonov byuroning Denov hamda Sariosiyo tumanlari bo‘limlarida sayyor qabul o‘tkazdi.
Aholi bilan ochiq va samimiy muloqotni yanada kuchaytirib, fuqarolarni qiynayotgan muammolarga joyida tezkor yechim topish maqsadida tashkil etilgan qabulda 35 nafar jismoniy va yuridik shaxs vakillarining murojaatlari tinglandi. Unda har bir murojaat atroflicha o‘rganilib, mas’ul xodimlarga ularni qisqa muddatlarda ijobiy hal etish yuzasidan tegishli topshiriq berildi.

Ochiq muloqotda sud va boshqa organlar hujjatlari ijrosi bilan bog‘liq aliment to‘lovlari, qarz undirish, mol-mulkni qaytarish kabi masalalar o‘rtaga tashlandi.
Denov tumanida o‘tkazilgan sayyor qabulda aliment masalasida murojaat etgan uchta oila o‘zaro yarashtirilib, ularning oilaviy munosabatlari qayta tiklandi. Murojaatchi Lobar Botirovaning ikki nafar farzandi uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan bir yillik aliment qarzdorligi to‘liq undirilib, bolalar manfaatlari ta’minlandi.
Qabul jarayonida qo‘shimcha o‘rganishni talab etgan murojaatlar MIB viloyat boshqarmasi ish yurituviga olinib, alohida nazorat o‘rnatildi.
Aliment bilan bog‘liq murojaatlarni joyida hal etish uchun shu kuni Denov tuman bo‘limida sayyor sud tashkil etilib, 12 nafar aliment to‘lovchi qarzdorning ishi ko‘rib chiqildi.

Sud jarayonida bir oila vakillari o‘zaro yarashtirildi. Uch nafar aliment oluvchi foydasiga 58 million so‘m aliment qarzdorligi undirib berildi. 9 nafar qarzdorga nisbatan sud qaroriga asosan 15 sutkaga ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. Shuningdek, Sariosiyo tumanida tashkil etilgan sayyor qabulda ham murojaatchilarni o‘ylantirayotgan masalalar atroflicha o‘rganilib, muammolarni hal etish choralari ko‘rildi.
Ochiq muloqot hududlarda aholi muammolarini o‘z vaqtida va samarali hal etib, fuqarolarning huquq va manfaatlarini ta’minlash hamda jamiyatda adolat va qonun ustuvorligini yanada mustahkamlashga xizmat qilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Nilufar Bozorova, O‘zA