MIB: maxsus jamg‘armadan 209 million so‘m qoplandi
Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosining Namangan viloyati boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari ish yurituvida bo‘lgan aliment undiruviga oid 24 ming 305 ta hujjat bo‘yicha o‘tgan 2022 yilda 104,3 milliard so‘m qarzdorliklar undirildi. Olib borilgan targ‘ibot va tushuntirishlar natijasi o‘laroq 94 ta ijro hujjati bo‘yicha “aliment”chi otalar voyaga yetmagan farzandlari uchun 3,4 milliard so‘m mablag‘ni oldindan to‘ladi.
Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 3 avgustdagi “Aliment to‘lovlari jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori talablariga ko‘ra, voyaga yetmagan farzandini moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlaganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslar tomonidan yetkazilgan zarar jamg‘arma hisobidan qoplab berilmoqda.
– Hukumat qarori ijrosi doirasida sakkizta holatda qarzdor otalar tomonidan aliment to‘lovlarini to‘lamaslik oqibatida yetkazilgan 209 million so‘m zarar jamg‘arma hisobidan qoplab berildi, – deydi MIB Namangan viloyat boshqarmasi katta inspektori Sohibjon Rafiqov. – Masalan, fuqaro Muhammadjon Abdullayev ikki nafar voyaga yetmagan farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment to‘lovlarini to‘lamaganligi sababli, avvaliga ma’muriy jazoga, undan keyin ham xulosa qilmagani uchun jinoyat ishlari bo‘yicha To‘raqo‘rg‘on tumani sudining hukmiga asosan Jinoyat kodeksining 122-moddasi 1-qismi bilan aybli, deb topilgan. Jinoyat oqibatida yetkazilgan 45,9 million so‘m miqdorda zarar undirish belgilangan.
Aynan yangi tashkil etilgan jamg‘arma qarzdor uchun imkoniyat taqdim etdi. Ya’ni, davlat ijrochisining qaroriga asosan qarzdorlik jamg‘arma mablag‘lari hisobidan undiruvchi nomiga ochilgan plastik kartaga o‘tkazib berildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA