“Men ul menki, to turk bedodidur...”
Jahon estetik tafakkurining buyuk namoyandasi hazrat Alisher Navoiy hayoti va ijodining asosiy konsepsiyasi, birinchidan, dunyoning eng boy tillaridan hisoblangan turkiy tilning qadri nechog‘liq yuksak ekanini nazariy va amaliy jihatdan isbotlash, ikkinchidan, turkiy millatning sha’ni va sharafini munosib darajada himoya qilish bo‘lgani ayon.
Aslida, VII – VIII asrlarda ajdodlarimiz tomonidan turkiy-run yozuvida O‘rxun-Enasoy toshbitiklarining, XI asrda “Devonu lug‘otit-turk” singari til qomusi va “Qutadg‘u bilig” dostonining, XII asrda esa “Hibat ul-haqoyiq”dek nodir badiiyat durdonasining yaratilishi natijasida turkiy tilning lug‘at boyligi va ifoda imkoniyatlari nechog‘lik keng ekani namoyon etilgan edi. Biroq keyingi asrlarda tilimizning adabiy til sifatidagi nufuzi nisbatan pasaya bordi. Turkiy millatning buyuk mutafakkirlari ham jahonga mashhur asarlarini arabiy yoki forsiy tilda yozdi. Natijada XV asrning ikkinchi yarmida turkiy til nafis adabiyot tili bo‘la olmasligi, bu tilda “Xamsa” singari gigant asarlarni yozish imkoni yo‘qligi haqida baralla so‘zlana boshlangan edi. Tabiiyki, bunday vaziyatga chinakam millatparvar ijodkor befarq qaray olmaydi. Hazrat Alisher Navoiy bunday nomaqbul holatga dastlab Sayyid Hasan Ardasherga masnaviy yo‘lida yozgan she’riy maktubida qat’iy munosabat bildirdi.

Ma’lumki, hazrat Navoiy “Holoti Sayyid Hasan Ardasher” asarida: “...farzand deb erdilarkim, o‘z havlim go‘shasida alar uchun bir muxtasar maskane alohida tartib qilib erdim, gohiki, mufrit riyozatlardin tab’larig‘a kalole voqe’ bo‘lsa erdi, xotirlari tashhizi uchun ul maskang‘a kelib, bir kun-ikki kun turub, yana xonaqohg‘a o‘z xilvatlarig‘a borurlar erdi”, deb bu ulug‘ zot bilan ota-boladek qadrdon bo‘lganini aytadi. U vafot etganda, hazrat Navoiy sohibi aza bo‘lib, ta’ziya qabul qilgan. Hatto Jo‘yi nav degan anhor suvi o‘tadigan keng va xushhavo yerda unga xilxona qurgan.
She’riy maktubning alohida diqqat qaratish zarur bo‘lgan muhim jihatlari, birinchidan, ushbu masnaviy 1465 yili navqiron Alisher yigirma to‘rt yoshga kirgan kezlari yozilgan. Ikkinchidan, bu maktubda buyuk mutafakkir hayoti va ijodining asosiy konsepsiyasi – turkiy tilning adabiy til sifatidagi imkoniyati nechog‘liq yuksak ekanini isbotlash va millatning sha’nu sharafini, oru nomusini himoya qilish ruhiyati quvvatli ifodalangan. Jumladan, masnaviyda buyuk shoir mana bunday yozadi:
Men ul menki, to turk bedodidur,
Bu til birla to nazm bunyodidur.
Falak ko‘rmadi men kibi nodire,
Nizomiy kibi nazm aro qodire.
“Bedod” so‘zi lug‘atda “jabr, zulm, adolatsizlik” ma’nolarini anglatadi. Demak, yuqoridagi baytda hazrat Navoiy o‘zi haqda yozib, turkiy millatining jabr ko‘rgan, zulmga uchragan, adolatsizlik iztiroblarini tortgan bir farzandi ekaniga urg‘u bermoqda. “Men ul menki” degan ta’kid zamirida jabr ko‘rish darajasi boshqalardan ham ko‘ra unda yuz chandon og‘irroq bo‘lganini anglatadi. Chunki oddiy avom millatparvar bilan mutafakkir millatparvar qalbidagi dardning miqyosi, tabiiyki, bir xil bo‘lmaydi. Masnaviyning davomida buyuk shoir turkiy tilda qachondan beri nazm ijod qilinayotgan bo‘lsa, falak Nizomiy darajasida nazmga qodir bo‘lgan mendek nodir siymoni ko‘rmagan, deya faxriya bitgan. Holbuki, ushbu she’riy maktub yozilgan davrda hazrat Navoiyni Navoiy qilgan “Xamsa” hali yaratilmagan, “Xazoyin ul-maoniy” kulliyotiga tartib berilmagan, “Lison ut-tayr”, “Muhokamat ul-lug‘atayn”, “Mahbub ul-qulub” va hokazo eng mashhur asarlari dunyo yuzini ko‘rmagan edi. Hali endigina “Ilk devon” ko‘chirilib, muxlislar qo‘liga yetib borgan edi. Yuqoridagi faxriya shundan darak beradiki, o‘sha kezlariyoq hazrat Navoiy o‘z qalamining kuchini, turkiy so‘zning qudratini chuqur his qilgan va keng miqyosda e’tirof qozongan.
Uchinchidan, hazrat Navoiy “Farhod va Shirin” dostonida hayot va ijod mohiyatini mana bu tarzda ta’sirli ifodalaydi: “Bo‘lurdin dahr bo‘stonida mavjud, Emasdur g‘ayri so‘zu dard maqsud”. Bu o‘rinda “so‘z” – kuydirish, o‘rtash ma’nolarida. Demak, ulug‘ bobokalonimiz ta’biricha, insonning dahr bo‘stoniga kelishidan, tirikligidan murod – so‘zu dard. Qalbda ishq otashi, yurakda dard bo‘lmasa, yashamoqning mazmuni yo‘qoladi. Agar badiiy asar ana shu dardu so‘zdan mahrum qolsa, zarracha ham qimmatga ega bo‘lolmaydi. Mana bu baytda ana shu ijodiy-ruhiy holat bor murakkabligi bilan aks etgan:
Ne nazme der ersam meni dardnok -
Ki, har harfi bo‘lg‘ay aning durri pok.
Buyuk shoir nazmda nimaiki yozsa, mohiyatan dard bilan yo‘g‘rilganini, uning har bir harfi pok bir dur ekanini alohida ta’kidlayapti. O‘sha kezlari hazrat Navoiyni qiynagan eng og‘ir dard tilining kamsitilayotgani, millat estetik tafakkuri takomilining asosi bo‘lgan milliy adabiyotning buyuk mutafakkir ideali darajasida yuksaklikka ko‘tarila olmayotgani edi. Buning uchun muayyan sharoit yetilmog‘i, nazm beshasining sheri maydonga kelmog‘i taqozo etilardi.
Yetar Tengridin oncha quvvat manga -
Ki, bo‘lmas bitiriga fursat manga.
Buyuk shoir o‘ziga ana shunday quvvat ato etilganini teran his etgan. Bu quvvatni Tangridan yetgan deb hisoblashi uning e’tiqodi tuz, komil musulmon bo‘lganidan dalolat beradi. Bu quvvatning miqyosi shu darajadaki, ilohiy zavq bilan quyilib kelgan so‘z javohirlarini bitib ulgura olmaydi, hatto bunga fursat ham topish mahol.
To‘rtinchidan, hazrat Navoiy she’riy maktub uchun aruzning mutaqorib bahrini – mutaqoribi musammani mahzuf vaznini tanlagan. Taqtiyi quyidagicha:
fauvlun fauvlun fauvlun faal
V – – / V – – / V – – / V –
Ma’lumki, Sharq she’riyatining nodir namunalari hisoblangan Abulqosim Firdavsiyning mashhur “Shohnoma”si, Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig”i, jangnoma ruhidagi asarlar ana shu vaznda bitilgan. Buyuk mutafakkir ota va pir maqomida ko‘rgan Sayyid Hasan Ardasherga atalgan nazmiy maktubni nima uchun aruzning boshqa sokin, lirik talqinga mos bahrida emas, jangnoma ruhidagi asarlarga monand mutaqoribda yozdi, degan savol, tabiiyki, ko‘pchilikni o‘ylantiradi. Buning birinchi sababi, “...mutaqorib bahrining turkiy xalqlar she’riy tizimi – barmoqning eng faol shakllaridan bo‘lgan o‘n bir bo‘g‘inli vazniga juda uyg‘un ekani” bo‘lsa, ikkinchi sababi o‘sha davrda hukm surgan turkiy tilga noto‘g‘ri munosabat bilan bog‘liq. Ulug‘ millatparvar keyinchalik “Muhokamat ul-lug‘atayn”da bitilgan mana bu fikrlarida buni quyidagicha ta’sirli ifodalagan: “Bu ehtimolga xud yo‘l bersa bo‘lmaskim, turk ulusining xushtab’lari majmui sort tili bila nazm aytqaylar va bilkull turk tili bila aytmag‘aylar, balki ko‘pi ayta olmag‘aylar va aytsalar ham sort turk tili bila nazm aytqandek fasih turklar qoshida o‘quv va o‘tkara olmag‘aylar va o‘qusalar, har lafzlarig‘a yuz ayb topilg‘ay va har tarkiblarig‘a yuz e’tiroz vorid bo‘lg‘ay”. Buyuk shoirni yigirma to‘rt yoshidayoq ana shu savol qiynagan, ko‘zlaridan uyquni, qalbidan halovatni olgan: “Bu ehtimolga xud yo‘l bersa bo‘lmaskim, turk ulusining xushtab’lari majmui sort tili bila nazm aytqaylar va bilkull turk tili bila aytmag‘aylar”. Holbuki, mazkur she’riy maktub yozilgan davrda ayni shunday vaziyat hukmron edi. “Turk ulusining xushtab’lari” aksar o‘z ona tillarida emas, forsiy tilda asarlar yozar, turkiy tilda fasohat va balog‘at bilan so‘z aytishni mumkin bo‘lmagan hol sifatida qarar edi. Ijodiy quvvati benihoya baland, qalbida millatparvarlik tuyg‘usi kuchli bo‘lgan hazrat Navoiyni ana shu hol chuqur iztirobga solgan. Shuning uchun ham u nazmiy maktubda forsiy she’riyatning buyuk namoyandasi, “Shohnoma” asari bilan ma’lum va mashhur bo‘lgan Abulqosim Firdavsiy nomini tilga olib, ijod musobaqasida uni mag‘lub eta olishini zamondoshlari ongi va qalbiga chaqmoqdek ta’sir qiladigan so‘zlar bilan betakror talqin etadi:
Bu maydonda Firdavsiy ul gurd erur -
Ki, gar kelsa Rustam javobin berur.
Raqam qildi farxunda “Shahnoma”ye -
Ki, sindi javobida har xomaye.
Musallamdurur zohiran bu ishi -
Ki, ma’razg‘a kelmaydurur har kishi.
Buyuk bobokalonimiz talqinicha, she’riyat maydonida Firdavsiy gurd, ya’ni zabardast pahlavon. Shu darajadaki, hatto Rustami doston kelsa ham, yelkasini yerga tekkiza oladi. Mashhur “Shohnoma”ni yozganda, kimki unga javoban shunday asar bitmoq istagan bo‘lsa, barchasining qalami sindi, ya’ni javob yozishga quvvati yetmadi. Zohiran, bu ish ungagina munosibday, boshqa hech kim ijodda bu darajaga erisha olmaydiganday ko‘rinadi.
Dedi o‘z tili birla ul koni ganj:
“Ki, si sol burdam ba «Shahnoma» ranj”.
Bu o‘rinda hazrat Navoiy ijodiy munozaraning, bahs madaniyatining yuksak namunasini ko‘rsatadi. Firdavsiyning ham hurmatini joyiga qo‘yib, uni so‘z xazinasining koni, deya ta’riflaydi. U o‘z tili bilan “Shohnoma”ni yozish uchun o‘ttiz yil ranj chekkanini, mashaqqat tortganini aytgan, deya buning dalili sifatida buyuk shoir so‘zlaridan iqtibos keltiradi.
Ani derga bo‘lsa qachon rag‘batim,
Erur oncha Haq lutfidin quvvatim -
Ki, har necha nutq o‘lsa kohilsaroy,
Bitigaymen o‘ttuz yilin o‘tuz oy.
Agar xossa ma’no gar iyhom erur,
Aning kunda yuz bayti halvom erur.
Ya’ni hazrat Alisher Navoiy mabodo Firdavsiy “Shohnoma”siga javob yozish istagi tug‘ilsa, Haq taoloning lutfi tufayli ijodiy quvvatim shu darajadaki, nutq nechog‘liq sustlik ko‘rsatmasin, uning o‘ttiz yilda yozganini o‘ttiz oyda bita olaman, deya alohida ta’kidlaydi. Agar xossa ma’no yoki iyhom san’ati asosida yozish talab etilsa ham, uning (ya’ni Firdavsiyning) yuz baytini bitish men uchun xuddi halvo yeyish kabi oson, deb ijodiy salohiyati qanchalik baland ekanini bildiradi. O‘ttiz oy – ikki yarim yil, demakdir. Bunday fikrni aytish va yuksak saviyada uddalash uchun ijodkor nechog‘liq benazir iste’dodga, naqadar hadsiz taxayyul olamiga va qanchalar ulkan ijodiy tafakkurga ega bo‘lishi kerakligini tasavvur eting.
Haqiqatan, buyuk mutafakkir turkiy millatni bir til va bir adabiyot bayrog‘i atrofida yakqalam qildi – birlashtirdi. Zamondoshi va do‘sti, temuriyzoda hukmdor Sulton Husayn Boyqaro ta’biri bilan aytganda: “Turkiy tilning o‘lgan jasadig‘a Masih anfosi bila ruh kiyurdi”. Qariyb yuz ming baytli benazir adabiy-ilmiy merosi bilan turkiy tilning dunyo tillari orasida mumtoz o‘rin egallashini amalda ham isbotladi.
Xulosa: bugungi kunda turkiy xalqlarning o‘rta bir tilini yaratish zarurati haqida so‘zlanyapti. Bizningcha, agar shunday tilga ehtiyoj sezilsa, bu, shubhasiz, Alisher Navoiy tili bo‘lishi kerak. Chunki buyuk Navoiy o‘sha murakkab va ziddiyatli zamonda turkiy tilning xalqaro miqyosdagi e’tirofini ta’min etdi. Teran falsafiy-irfoniy mazmun va betakror badiiy shakl sintezining mumtoz namunalari bo‘lgan asarlari bilan turkiy adabiyotni jahon estetik tafakkurining cho‘qqisiga olib chiqdi. Bu asarlar bugungi kunda ham barhayot turkiy ruhiyat ifodasi orqali bashariyatni xalqimizga xos kengfe’llikka, o‘zaro dushmanlikni bartaraf etishga, tinchlik-ofiyat va taraqqiyot yo‘lida birlashishga, kamol kasb etishga da’vat etib kelayotir.
Nurboy JABBOROV,
filologiya fanlari doktori, professor.
O‘zA