Men ham jurnalist bo‘laman
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Shuhrat Oripov Urganch davlat universitetining shunday nomlangan ijodiy to‘garagidagi talaba-yoshlar bilan muloqot o‘tkazdi.
Ijodiy ruhda, ochiq va samimiy o‘tgan tadbirda O‘zbekiston jurnalistikasining yetuk vakillari, viloyatning taniqli ijodkorlari ham ishtirok etdi.
Muloqotda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning salohiyatini yuzaga chiqarish hamda media sohasidagi faolligini oshirish ustuvor vazifalardan biri ekani ta’kidlandi.

Shuhrat Oripov Jurnalistlar uyushmasi tomonidan amalga oshirilayotgan yangi loyihalar, turli tanlovlar, yosh jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari hamda zamonaviy media makondagi dolzarb masalalar haqida atroflicha ma’lumotlar berdi.

– Milliy jurnalistikamiz, sohadagi bugungi islohotlar va ijodiy jarayonlar haqida to‘xtaladigan bo‘lsam, “Ijod uchun eng yaxshi davr – hozir” deya ayta olaman, – dedi Shuhrat Oripov. – Ushbu jarayonlarda xorazmlik qalam ahlining o‘rni va salmoqli hissasini alohida e’tirof etishim lozim. Ayniqsa, shu haftada viloyatda o‘tkazilgan “Media haftalik” doirasidagi loyihalar voha ijodkorlari uchun o‘ziga xos tajriba maktabi bo‘ldi. Bugungi shiddat bilan rivojlanayotgan yangi davr jurnalist bo‘lishni orzu qilgan yoshlar uchun o‘z iqtidorini namoyon etishda keng imkoniyatlar eshigini ochmoqda.

Tadbir davomida jurnalistika sohasida muvaffaqiyat qozonish uchun yoshlar doimiy izlanishi, ko‘p kitob o‘qishi va xorijiy tillarni puxta egallashi zarurligi ta’kidlandi.
Universitetda faoliyat yuritayotgan “Men ham jurnalist bo‘laman” to‘garagini yanada rivojlantirib, klub darajasiga olib chiqish bo‘yicha muhim tavsiyalar bildirildi.

Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA muxbiri