Mehnat yarmarkasi 3000 nafar yoshga imkoniyat eshiklarini ochdi
Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universitetida “Mehnat yarmarkasi-2026” bo‘lib o‘tdi. Mazkur an’anaviy tadbir talabalar va bitiruvchilar uchun haqiqiy ish bozoriga chiqish imkonini beruvchi muhim maydon hisoblanadi.
16-marta tashkil etilgan anjumanda 3000 nafarga yaqin o‘g‘il-qiz 150 dan ziyod ish beruvchi – yirik kompaniyalar, banklar, davlat muassasalari, agentliklar hamda xalqaro tashkilotlar mas’ullari bilan muloqot qilish imkoniga ega bo‘ldi.
Ta’kidlash joiz, yoshlar bandligini ta’minlashga jiddiy e’tibor qaratilayotgan mazkur oliy o‘quv maskani ta’lim va mehnat bozori o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajarmoqda. Yurtimizda ayniqsa iqtisodiyot, moliya, axborot texnologiyalari, huquqshunoslik, marketing, audit va bank sohalari bo‘yicha yosh mutaxassislarga talab yuqori.
[gallery-28923]
Universtitet huzuridagi “Karerani rivojlantirish va bitiruvchilar bilan ishlash” markazi talabalarni o‘qish davridanoq ish bozoriga tayyorlash, yetakchi ish beruvchilar bilan aloqa yo‘lga qo‘yish, amaliyot imkoniyatini kengaytirishga harakat qiladi. Ma’lumotga ko‘ra, mazkur ta’lim maskani bitiruvchilarining 97 foizi o‘qishni tugatgach, olti oy ichida ishga joylashadi. Qolgan qismi esa ta’limni magistratura bosqichida davom ettiradi.
“Mehnat yarmarkasi” nafaqat ish topish imkoniyati, balki yoshlar uchun o‘zini namoyon etish, kasbiy yo‘nalishni belgilash va ish beruvchi bilan bevosita aloqa o‘rnatish maydoni sifatida ham ahamiyatli. Bunday tashabbuslar Yangi O‘zbekistonda inson kapitali va iqtisodiy taraqqiyotni rag‘batlantirishga xizmat qilmoqda.
Musulmon Ziyo, Oybek Pardayev (surat), O‘zA