MDH o‘yinlari – kashfiyotlar maydoni
Kecha kechki payt Tatariston poytaxti Qozon shahridagi “Universiada qishlog‘i”da do‘stlik va birdamlik ramzi bo‘lgan 1-MDH o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishida o‘tkazilgan tantanada mazkur o‘yinlarda qatnashayotgan 9 ta davlat sport delegatsiyalari o‘z mamlakatlarining bayroqlarini keng maydon bo‘ylab olib o‘tdi. Rossiya va Tatariston san’at va madaniyat namoyandalari ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi.
Tantanalar epidemiologik vaziyat tufayli tomoshabinlarsiz o‘tkazildi. O‘zbekiston sport delegatsiyasining bayrog‘ini 1-MDH o‘yinlarining yunon-rum kurashi bo‘yicha kumush medal sohibi, bir necha bor mamlakat chempioni, jahon chempionati ishtirokchisi, qator xalqaro turnirlar g‘olibi Muhammadqodir Rasulov Qozon sport maydoni uzra baland tutgan holda olib o‘tdi.
Ilk bor tashkillashtirilgan MDH o‘yinlarining rasmiy ochilish marosimi kecha bo‘lib o‘tgan bo‘lsa-da, 4 sentyabrdagi erkin va yunon-rum kurashi bellashuvlarida g‘olib va sovrindorlar aniqlandi. Shuningdek, boks musobaqalarining barcha finalchilari va bronza medali sohiblari ma’lum bo‘ldi.

Erkin va yunon-rum kurashining murosasiz bellashuvlari natijasiga ko‘ra, yurtimizning yosh kurashchilari yunon-rumda 2 tadan kumush va bronza medalini qo‘lga kiritdi. Erkin kurashchilarimiz esa 1 ta bronza bilan kifoyalandi.
Boks musobaqalari 1 sentyabrdan beri qizg‘in davom etmoqda. Kecha o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi 13 ta vaznning barcha finalchilari va bronza medali egalari aniqlandi. Shiddatli janglar natijasida vakillarimizdan 60 va 66 kilogramm vazndagi iste’dodli sportchilarimiz Umidillo Abdurasulov va Ja’farbek Shahbozov MDH o‘yinlarining bronza medali bilan kifoyalangan bo‘lsa, qolgan 7 nafar bokschimiz – Ilhom Ergashev (46), Javohir Quysinov (48), Sayat Ilyasov (50), Farrux To‘laganov (54), Qahramon Fozilov (57), Bunyodjon Amirov (63) va Ravshan Soliyev (+80) final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Aytish lozimki, bokschi qizlarimiz ham Qozon ringlarida muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda. MDH o‘yinlari dasturidan o‘rin olgan 13 ta vaznning 9 tasida o‘zbekistonlik qizlar murosasiz va shiddatli janglar natijasida final yo‘llanmasiga erishdi.

- Keyingi yillarda mamlakatimizda ayollar sporti, xususan xotin-qizlar boksiga alohida e’tibor berilishi tufayli vakillarimiz biror bir musobaqadan medalsiz qaytmayapti. Qozonda o‘tayotgan bahslarda ham yosh bokschi qizlarimiz zafarli odim tashlayapti. MDH o‘yinlarining final yo‘llanmasiga ega bo‘lgan Gulsevar G‘aniyeva, Robiya Baxtiyorova, Ra’no Murotbayeva, Muxlisa Tohirova, Sitora Bahodirova, Sanobar Bozorboyeva, Oysha Toirova, Oltinoy Sotimbayeva va Shaxina Ne’matova umid qilamizki, bugun - 5 sentyabrdagi janglarni ham ko‘ngildagidek o‘tkazishi uchun bor imkoniyatimizni ishga solamiz,- deydi hozirda Qozonda bo‘lib turgan O‘zbekiston o‘smir qizlar terma jamoasi murabbiyi Temur Axboyev biz bilan telefon orqali muloqotda.
Bugun o‘zbek boksining yosh “yo‘lbarslari” oltin medallar uchun kechadigan janglarda ishtirok etadi. Xuddi shuningdek, o‘yinlar dasturiga binoan 5 sentyabr kungi musobaqalarda mamlakatimizning belbog‘li kurashchilari, muay-tay vakillari va basketbol (3x3) jamoasi ham bahslarni boshlaydi. Belbog‘li kurash musobaqalarining barcha g‘olib va sovrindorlari bugunning o‘zida aniqlansa, basketbol musobaqalarida qaysi davlat sportchilari o‘rinlardan qay tartibda joy egallashi ertaga, 6 sentyabr kuni o‘tadigan bahslarda ma’lum bo‘ladi. Muay-tay bellashuvlarining g‘oliblari esa 7-8 sentyabr kunlaridagi final janglari natijasida aniqlanadi.
Qozon-2021 o‘yinlarining zavqu shavqqa boy bellashuvlari endi boshlandi. Garchi erkin va yunon-rum kurashi bashlari yakunlangan bo‘lsa-da, oldinda biri-biridan qiziqarli musobaqalar o‘z g‘oliblarini kutib turibdi. Yoshlik shiddati, tajriba va imkoniyatlar maydoni bo‘lgan 1-MDH o‘yinlari iste’dodlar, bo‘lajak chempionlarni kashf etadigan yosh nihollarning katta sport olamiga “tashrif dastxati” bo‘lib qolishi shubhasiz.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA muxbiri