Mazmunli ta’til uchun yaratilgan sharoitlar o‘rganildi
FOTOREPORTAJ
Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanida “Yozgi sog‘lomlashtirish va dam olish markazlarida to‘garaklar faoliyatini samarali tashkil etish” mavzusida “Kelajak” markazi hamda “Oq kabutar” bolalar dam olish oromgohiga media-tur tashkil etildi.
Media-turda jurnalist va blogerlar, shuningdek barcha tuman va shaharlardagi “Kelajak” markazlarining mas’ul xodimlari qatnashdi.
Media-tur ishtirokchilari dastlab, tumandagi “Kelajak” markazi faoliyati va to‘garak a’zolari tomonidan yaratilgan qo‘l mehnati mahsulotlari ko‘rgazmasi bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, “Maktabga tayyorlov” yo‘nalishidagi to‘garaklarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchi bolajonlarga guvohnomalar topshirildi.
[photobank-29954]
“Har bir tuman — bir kitob” shioridagi chellenjida “Kelajak” markaziga qiziqarli kitoblar sovg‘a qilindi.
Bundan tashqari, ishtirokchilar O‘zbekiston xalq artisti, marhum san’atkor Otajon Xudoyshukurov muzeyiga tashrif buyurdi. Sayohat davomida ular muzeydagi noyob eksponatlar, san’atkorning boy ijodiy merosi hamda milliy madaniyatimiz rivojiga qo‘shgan hissasi haqida keng ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
Media-turning keyingi manzili - “Oq kabutar” yozgi sog‘lomlashtirish oromgohi bo‘lib, bu yerda jurnalist va blogerlar bolalar uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar, mazmunli dam olish jarayonlari hamda “Kelajak” markazi to‘garaklari faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Jurnalistlarni qiziqtirgan barcha savollariga batafsil javob qaytarildi.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA