Mavzu: suv resurslaridan samarali foydalanish
Buxoroda “Global iqlim o‘zgarishi sharoitida suv resurslaridan samarali foydalanish hamda suv boshqaruvida xotin-qizlar ishtirokini kuchaytirish” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Mazkur tadbirda soha mutaxassislari, mas’ul idoralar vakillari hamda faol ayollar ishtirok etib, dolzarb masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va Suv xo‘jaligi vazirligi mas’ullari, sohadagi olima ayollar, viloyat hokimligi, “Amu-Buxoro” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi mas’ullari, Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Samarqand va Jizzax viloyatlaridagi “Suv masalalari bo‘yicha ayollar maslahat guruh”lari a’zolari, Buxoro viloyatidagi fermer va tomorqachilar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda dunyo miqyosida suv tanqisligi tobora keskinlashib bormoqda. Qurg‘oqchilik, suv resurslarining kamayishi, tuproq degradatsiyasi va cho‘llanish kabi muammolar global xavfga aylanib, xalqaro hamjamiyat e’tibor markazida turibdi. Jahon meteorologiya tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 2050-yilga kelib, yer yuzida 5 milliarddan ortiq aholi turli darajada suv tanqisligi muammosiga duch kelishi mumkin. Shuningdek, 2040-yilda eng ko‘p suv tanqisligi kuzatilishi kutilgan 33 davlat qatorida Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan, O‘zbekiston ham qayd etilgan.
Iqlim o‘zgarishlari oqibatida kelgusi yillarda tog‘lardagi muzliklarning sezilarli qismi erib ketishi, suvga bo‘lgan ehtiyoj esa keskin oshishi prognoz qilinmoqda. Masalan, Tyan-Shan va Pomir tog‘ tizmalaridagi muzliklar 2050-yilga kelib 30-50 foizgacha qisqarishi, Markaziy Osiyoda esa suvga talab 50 foizgacha ortishi mumkin. Shu bois, suv resurslaridan oqilona foydalanish masalasi O‘zbekiston uchun ham strategik ahamiyatga ega.
Ma’lumki, mamlakatimizda mavjud suv resurslarining 80 foizi transchegaraviy daryolar orqali keladi, faqat 20 foizi mamlakat hududida shakllanadi. Bu esa suv resurslarini boshqarishda xalqaro hamkorlikni yanada kuchaytirish zarurligini ko‘rsatadi.
Shu nuqtai nazardan, Zarafshon daryosi havzasi alohida ahamiyatga ega bo‘lib, u Amudaryo havzasi tarkibiga kiradi. Uning umumiy uzunligi taxminan 877 kilometrni tashkil etib, Samarqand, Jizzax, Navoiy, Qashqadaryo va Buxoro viloyatlarining iqtisodiy va ijtimoiy barqarorligida muhim rol o‘ynaydi. Ushbu hududlarda sug‘oriladigan yer maydonlari 652 ming gektardan ortiqni tashkil etadi.
Davra suhbatida Zarafshon daryosi havzasida suv resurslarini oqilona boshqarish, qayta tiklanadigan manbalardan samarali foydalanish hamda transchegaraviy hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, bu hududdagi ekologik barqarorlikni ta’minlash va aholi farovonligini oshirish uchun amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, hozir “Zarafshon daryosi havzasida iqlimga chidamli integrallashgan suv resurslarini boshqarish” loyihasi amalga oshirilmoqda. Ushbu loyiha Shveysariya hukumati tomonidan Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi (SDC) orqali moliyalashtirilib, Caritas Switzerland hamda Markaziy Osiyo uchun Mintaqaviy ekologik markazi (CAREC) konsorsiumi tomonidan hayotga tatbiq etilmoqda. Loyihaning asosiy maqsadi – iqlim o‘zgarishi sharoitida Zarafshon havzasida suv resurslarini barqaror va samarali boshqarish orqali aholi turmush darajasini yaxshilashdir.
Davra suhbatida mamlakat taraqqiyotida xotin-qizlarning o‘rni va ahamiyati alohida ta’kidlandi. Ayniqsa, suv resurslarini boshqarish jarayonlarida ayollarning faol ishtirokini ta’minlash muhim ekani qayd etildi. Shu maqsadda loyiha doirasida Zarafshon daryosi havzasiga kiruvchi hududlarda istiqomat qiluvchi 140 nafardan ortiq xotin-qizlar uchun seminar-treninglar tashkil etildi. Ular orasidan eng faollar ishtirokida “Suv masalalari bo‘yicha ayollar maslahat kengashi” tashkil qilindi.
Mazkur kengash suv resurslarini boshqarish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilish, ayollarning fikr va takliflarini ilgari surish hamda qaror qabul qilish jarayonlarida ularning ishtirokini ta’minlashga xizmat qilmoqda. Ushbu platforma Zarafshon havza Kengashi yig‘ilishlarida ayollar ovozining eshitilishi uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qilmoqda.
[gallery-28541]
Tadbir yakunida ishtirokchilar suv resurslarini samarali boshqarishda xotin-qizlar salohiyatini yanada oshirish, ularning bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda qaror qabul qilish jarayonlaridagi ishtirokini kengaytirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirdilar. Shu bilan birga, suv resurslarini tejash, undan oqilona foydalanish va kelajak avlod uchun asrab-avaylash har bir insonning burchi ekani alohida ta’kidlandi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari