Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni keng nishonlandi
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida 27-iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda ommaviy axborot vositalari, nashriyot va matbaa xodimlari, blogerlar, matbuot kotiblari, soha faxriylari hamda talaba-yoshlar ishtirok etishdi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni kasb bayrami bilan samimiy muborakbod etdi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda Prezidentimiz rahbarligida axborot va so‘z erkinligini ta’minlash, ommaviy axborot vositalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, soha fidoyilarini munosib rag‘batlantirish, aholiga xolis va ishonchli axborotlarni yetkazish, turli sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarni aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hamda iqtisodiy hayotida yuz berayotgan o‘zgarishlar va yangilanishlarni, ayniqsa, “Inson qadri uchun” g‘oyasi ostida qilinayotgan ishlarni keng jamoatchilikka yetkazish, bugungi kunda uchrayotgan masala va muammolarni o‘rganish, ularga ijobiy yechim topish yo‘lida soha xodimlari tomonidan olib borilayotgan ishlar yuqori baholanadi.
Bayram arafasida “Jaslar TV” telekanali va “Nukus FM” radiosi bosh muharriri Ilhambek Atamuratov “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.“Narodnaya slova” gazetasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha muxbiri Alyona Aminova "Oltin qalam" XX Milliy mukofoti tanlovining “Eng yaxshi jurnalistik material” (bosma nashrlar) nominatsiyasida uchinchi o‘rinni egalladi.
Davlatimiz rahbarining Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga yo‘llagan bayram tabrigidagi “Men sizlarni – yuksak bilim va salohiyatga ega, vatanparvar barcha jurnalistlarni o‘zim uchun doimiy maslakdosh, jonkuyar do‘st deb bilishimni yana bir bor izhor etaman”, degan satrlari har bir soha xodimlariga g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi.
Bayram munosabati bilan bir guruh fidoyilarga “Ibratli ayol”, “Vatan fidoyisi” hamda “Umid uchquni” ko‘krak nishonlari tantanali ravishda topshirildi.
Tadbir madaniyat va san’at xodimlari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi bilan davom etdi va bayram dasturxoni yozildi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),
O‘zA muxbirlari