Markaziy Osiyo va Rossiya san’ati bir sahnada
Urganch shahrida “Etnomadaniyat forumi – Markaziy Osiyo va Rossiya xalqlari madaniyati, san’ati va ijodiyoti festivali” doirasida o‘tkazilayotgan konsert dasturi tashkil etildi.
Mazkur forum turli xalqlarning boy tarixiy merosi, asrlar osha sayqallangan an’analari, rang-barang urf-odatlari va betakror san’atini yagona sahnada mujassam etdi.
Konsert dasturi davomidagi kuy va qo‘shiqlarda – tarix nafasini, raqslarda – millatlarning ruhini, sahnadagi har bir chiqishda esa xalqlarning qalb haroratini aks etdi.
[gallery-29062]
Sahnada Qozog‘iston Respublikasining “Saltanat” davlat raqs ansambli “Qiz quvu”, Qirg‘iziston Respublikasining “Shattiq” raqs jamoasi “Ko‘chmanchilar olami”, Rossiya Federatsiyasi “Davlat akademik Omsk rus xalq xori” san’atkorlari “Xlopuxa”, Turkmanistonning “Dessan” ijodiy jamoasi tomonidan “Turkman xalq raqslaridan popuri” raqs kompozitsiyalari hamda O‘zbekiston Respublikasi san’atkorlari ijrosida “Lazgi” raqsi ijro etildi.
Xulosa qilib aytganda, “Etnomadaniyat forumi – Markaziy Osiyo va Rossiya xalqlari madaniyati, san’ati va ijodiyoti festivali” qardosh xalqlarning boy madaniy merosi, yuksak san’ati va ko‘p asrlik an’analarini yorqin namoyon etgan nufuzli anjuman bo‘ldi. Unda sahnada yangragan har bir kuy-qo‘shiq, ijro etilgan raqs va namoyish etilgan chiqishlar xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik, hamjihatlik va madaniy yaqinlikning ta’sirchan ifodasi sifatida aks etdi.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov(surat), O‘zA muxbirlari