Mansabdor shaxs javobgarlikka tortildi
Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devoni yetakchi inspektori Ismoil Saitovning ma’lum qilishicha, “Z” MCHJ rahbari V.S. tomonidan avtoturargoh tashkil etish uchun yer maydoni ajratish masalasi yuzasidan murojaati o‘rganilgan.
Aniqlanishicha, tadbirkor 2026-yil 26-may kuni “Yerelektron” avtomatlashtirilgan axborot tizimining ochiq elektron portali orqali T1726280022/2-sonli taklifni kiritgan. Biroq Davlat kadastrlari palatasining Olmazor tumani filiali tomonidan mazkur taklif yuzasidan javob 2026-yil 19-iyun kuni, ya’ni qonunchilikda belgilangan besh ish kunlik muddat buzilgan holda taqdim etilgan.
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-fevraldagi 71-son qarori bilan tasdiqlangan “Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini mulk huquqi va ijara huquqi asosida elektron onlayn-auksion orqali realizatsiya qilish tartibi to‘g‘risida”gi nizom talablariga ko‘ra, vakolatli organlar taklifni besh ish kuni ichida ko‘rib chiqishi va tegishli qaror qabul qilishi lozim.
O‘rganish yakunlariga ko‘ra, muddat talablarini buzgan mas’ul mansabdor shaxsga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 215⁵-moddasi asosida ma’muriy javobgarlik chorasi qo‘llanildi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri