Malayziya bilan oliy ta’lim sohasida hamkorlik kengaymoqda
So‘nggi yillarda ikki davlat rahbarlari tashabbusi bilan O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi do‘stlik, ko‘p qirrali sheriklik jadal rivojlanmoqda.
Davlatimiz rahbari taklifiga binoan Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim o‘tgan yil 17 may kuni rasmiy tashrif bilan yurtimizga kelgan edi. Qizg‘in muzokaralar davomida kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish, energetika, islom moliyasi, ekologiya, sun’iy intellekt, turizm sohalarida hamkorlik ko‘lamini kengaytirish, sog‘liqni saqlash sohasida ilmiy-amaliy aloqalarni mustahkamlash muhimligi ta’kidlangandi. O‘shanda oliy ta’lim tizimidagi sheriklikni yangi bosqichga ko‘tarish, jumladan yetakchi universitetlar o‘rtasida qo‘shma dasturlarni yo‘lga qo‘yish, o‘zaro ilg‘or tajriba bilan o‘rtoqlashish, talabalar almashuvini kengaytirish masalalari ham ko‘tarilgan.
Mazkur kelishuvlarni hayotga tatbiq etish maqsadida mamlakatimizning bir guruh islomshunos olimlari Malayziyaga ilmiy-ma’rifiy tashrif uyushtirdi.
Tashrif dasturiga ko‘ra, Islomni anglash institutida tashkil etilgan uchrashuvda Imom Moturidiy, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari vakillari, mezbon ta’lim muassasasidan direktor Muhammad A’zam bin Muhammad Odil va boshqa mas’ullar ishtirok etdi.

Muloqot chog‘ida Malayziya va O‘zbekistonning diniy-ma’rifiy ta’lim va ilmiy-tadqiqot hamkorligi masalasi muhokama qilindi.
Institut direktori so‘nggi yillarda yurtimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan diniy sohada keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilgani, bu ijobiy o‘zgarishlarni butun dunyo hamjamiyati qatori Malayziyadagi ilmiy doiralar ham katta mamnuniyat bilan qabul qilayotganini alohida ta’kidladi. O‘zbekistondagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari bilan sheriklikning joriy holatini yuqori baholadi.
Kuni kecha Malayziyaning Perlis universiteti delegatsiyasi Buxoro muhandislik-texnologiya institutida bo‘lib, rahbariyat bilan muzokara olib bordi. Suhbat davomida ta’lim maskanida Nanolaboratoriya tashkil etish, shuningdek yashil qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish texnologiyasi, Nanoelektronika muhandisligi, magistratura bosqichida qo‘shma dastur, tadqiqotchi va izlanuvchilarga ikki tomondan ilmiy rahbarlik, tadqiqotchilar ilmiy faoliyatiga ko‘maklashish kabi yo‘nalishlarni birgalikda rivojlantirish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi.
Toshkent xalqaro Vestminster universiteti hamda Osiyo va Tinch okeani texnologiya va innovatsiyalar universiteti o‘rtasida qo‘shma ta’lim va tadqiqot dasturlarini yo‘lga qo‘yish, ta’lim va innovatsiya bo‘yicha ilg‘or tajriba bilan o‘rtoqlashish, o‘qituvchi va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilinib, o‘zaro Hamkorlik memorandumi imzolandi.
Darvoqe, 1993 yil tashkil etilgan Osiyo va Tinch okeani texnologiya va innovatsiyalar universiteti – Asia Pacific University of Technology & Innovation – APU Malayziya raqamli iqtisodiyot korporatsiyasining raqamli texnologiyalarga ixtisoslashgan yetakchi universiteti maqomiga sazovor bo‘lgan. “QS Rankings” xalqaro reytingida dunyoning yetakchi 700 universiteti ro‘yxatidan joy olgan. Muassasa huzurida sanoatda sun’iy intellektni qo‘llash, robototexnika, kiber xavfsizlik, kreativ industriya, “Internet of Things” (IoT) texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha ilmiy markazlar faoliyat yuritadi.
2023 yil 14 sentyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan “Malayziya va O‘zbekiston: oliy ta’lim sohasidagi hamkorlik istiqboli” mavzusidagi xalqaro anjumanda yurtimizning yetakchi oliy ta’lim muassasalari qatori mehmon delegatsiya tarkibida Oliy ta’lim vazirligi, Malaka agentligi, Ta’lim global xizmatlari, Oliy ta’lim rahbariyati akademiyasi, Utara, Islom ilmiy, Sulton Zaynul Obidin, Mara texnologiya, Pendidikan Sulton Idris, Ilmiy, Segi, Osiyo Tinch okeani Texnologiya va innovatsiyalar, Putra universitetlari vakillari qatnashdi.
Tadbirda O‘zbekistondan Milliy universitet, Bank-moliya akademiyasi va Buxoro davlat tibbiyot instituti, Malayziyaning Sulton Zaynul Obidin hamda Kuala-Lumpur universitetlari o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi.
Global ta’lim xizmatlari agentligi – Education Global Services dunyo bo‘ylab Malayziya ta’lim tizimini targ‘ib etish, xalqaro talabalar almashinuvi va qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish bilan shug‘ullanadi.
Xalqaro anjuman doirasida Toshkentga kelgan ushbu tashkilot bosh ijrochi direktori Novi Tojiddin o‘zbekistonlik yoshlarga taklif etilayotgan imkoniyatlar haqida gapirib berdi:
– Malayziyada tahsil olishning afzalliklari talaygina. Birinchidan, tahsil olish xarajati nisbatan arzon, yashash, sayohat qilish ham cho‘ntakbop narxda. Ikkinchidan, mamlakatimiz turli madaniyatlar beshigi sanaladi. Bir o‘lkada malay, xitoy, hind, panjobi kabi ko‘plab madaniy an’analarga oshno bo‘lasiz. Qolaversa, Malayziya ham O‘zbekiston kabi go‘zal jiyor – tog‘, dengiz, orollarga boy muhitda maroqli ta’lim olish mumkin. Eng asosiysi, kollej va universitetlarimiz xalqaro mezonlarga javob beradi.
Ayni payt bu davlat oliy ta’lim muassasalarida 350 nafardan ziyod o‘zbekistonlik o‘g‘il-qiz tahsil olmoqda.
Delegatsiya a’zolari bilan “El-yurt umidi” jamg‘armasida o‘tgan uchrashuvda 2024 yildan boshlab Malayziyaning nufuzli universitetlariga o‘qishga kirgan Jamg‘arma stipendiatlari ta’lim olish xarajatini 20 foizdan 50 foizgacha chegirish masalasi ko‘rib chiqilishi qayd etildi.
Mazkur mamlakatning yetakchi xususiy oliy ta’lim dargohlaridan biri hisoblanadigan, 2001 yil tashkil etilgan, QS Rankings2023 jahon reytingida 601-o‘rinni, Osiyo oliy ta’lim muassasalari orasida 147-o‘rinni egallagan Menejment va fan universiteti hamda Namangan viloyati oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida talabalar almashish, hamkorlikda tahsil olishni yo‘lga qo‘yish, qisqa muddatli kurslarni qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlar uchun halol sanoat mahsulotlarini sertifikatlash bo‘yicha hamkorlik masalalari ham muhokama qilindi.
Umuman, keyingi yillarda O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida ta’lim jabhasida hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
2019 yil oktyabr oyida Toshkent moliya instituti huzurida “Binary” menejment va tadbirkorlik universiteti bilan qo‘shma fakultet ochilgan.
2020 yil iyunda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xorazm viloyati hokimligi va Malayziyaning mazkur dorilfununi o‘rtasida Urganchda universitetning xalqaro filialini tashkil etish to‘g‘risida uch tomonlama shartnoma imzolangan.
Islom ilmiy universiteti – Universiti Sains Islam Malaysia – USIM esa mamlakatimizdagi ko‘plab ilmiy-akademik muassasalar bilan hamkorlik qilmoqda. Xususan, Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan hamkorlik memorandumi imzolagan. Urganch davlat universiteti va Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti bilan tadqiqotlarni birgalikda o‘tkazish, mutaxassislarni tayyorlash va malakasini oshirish, talabalar almashish bo‘yicha bitim tuzgan.
Muharrama Pirmatova, O‘zA