Maktabgacha va maktab ta’limi xodimlarining kasbiy rivojlanish tizimi takomillashtirilmoqda
Mamlakatimizda maktabgacha va maktab ta’limi xodimlarining kasbiy mahoratini oshirish tizimini takomillashtirish, ta’lim sifati va samaradorligini yuksaltirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Bu haqda Qashqadaryo viloyati pedagogik mahorat markazi tashabbusi bilan tashkil etilgan brifingda batafsil ma’lumot berildi.

Ta’kidlanganidek, pedagoglarning ilmiy-amaliy faolligini qo‘llab-quvvatlashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, 2025-yilda tizim doirasida 7 ta ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etilgan bo‘lsa, 2026-yilda ularning sonini 15 taga yetkazish rejalashtirilgan. Joriy yilning o‘tgan davrida rejalashtirilgan konferensiyalarning ikkitasi muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Brifingda ta’lim tizimini raqamlashtirish doirasida joriy etilgan “Uzluksiz kasbiy rivojlanish” elektron platformasi pedagoglarning malakasini oshirishda muhim o‘rin tutayotgani qayd etildi. Mazkur platforma orqali o‘qituvchi va tarbiyachilar zamonaviy bilim hamda ko‘nikmalarni muntazam takomillashtirish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yil yakunida 11 ming 381 nafar pedagog malaka oshirish kurslarini tamomlab, tegishli sertifikatlarga ega bo‘lgan. 2026-yilning dastlabki olti oyida esa 5 ming 574 nafar tinglovchi oflayn shaklda malaka oshirish kurslarida ishtirok etdi.
Qayd etilganidek, amalga oshirilayotgan islohotlar pedagoglarning kasbiy kompetensiyalarini yuksaltirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy yondashuvlarni keng joriy etish hamda ta’lim sifati va samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri