Maktab bozori yarmarkasi davom etmoqda
Shu kunlarda poytaxtimiz bozorlarida yangi o‘quv yili uchun maktab yarmarkalari tashkil etilgan. Yarmarka rastalarida o‘quvchilar uchun daftar-qalamdan tortib, sumka va sport anjomlarigacha – barcha kerakli o‘quv qurollari arzon narxlarda sotilmoqda.
Toshkent shahar hokimligi va qator hamkor tashkilotlar tomonidan tashkil etilgan yarmarkalar ota-onalar uchun qulay, bolalar uchun esa eng yaxshi tanlov imkoniyatini bermoqda.

Jumladan, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Navro‘z” dehqon bozori va “Ekobozor” hududida ham yarmarka rastalari yo‘lga qo‘yildi.

–Mazkur yarmarkalar arzon va sifati yaxshi bo‘lgani uchun ham biz ota-onalar uchun ayni muddao bo‘ldi, –deydi Zafar Jamolov. –Mahsulotlar ichida 600 dan ortiq turdagi o‘quv qurollarini topishimiz mumkin. Bu, albatta bolalarimizning tanlovini tezda amalga oshirmoqda. Eng muhimi, bitta joydan hamma kerakli narsalarni olishga erishayapmiz.

Tashkil etilgan yarmarkalardan fuqarolar mamnun.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA