Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligi keng nishonlanmoqda
Shu kunlarda yurtimiz bo‘ylab Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligi keng nishonlanyapti.
Iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash “Ulug‘bek” jamg‘armasida “Mahmudxo‘ja Behbudiy va Turkiston jadidchiligi” mavzusida anjuman tashkil etildi.

Tadbirda jamg‘arma raisi, akademik Oqil Salimov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari, taniqli shoir G‘ayrat Majid va boshqalar Behbudiy merosining ahamiyati, uning ibratli hayot yo‘li, umrini baxshida etgan hayotbaxsh g‘oyalari haqida batafsil to‘xtaldi.

– Biz davlatimiz rahbarining “Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qaroridan so‘ng nafaqat allomaning hayotini, balki u yashagan davrni ham o‘rganyapmiz, – dedi akademik Oqil Salimov. – Bu hujjat biz olimlarni ham, keng jamoatchilikni ham birday xursand qildi.
Anjumanda Toshkent shahridagi oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, doktorantlari va iqtidorli talabalari hamda hududlardagi oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari va iqtidorli talabalari zoom platformasi orqali qatnashdi.

– O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Tanlangan asarlari”ni nashrga tayyorlayapti, – dedi G‘ayrat Majid. – Bugun mamlakatimizda iqtisodiyot, ilm-fan, adabiyot, san’at rivojiga katta e’tibor qaratilmoqda. Jadidlar nimani istagan edi? Ular ta’lim sifatini oshirishni, farzandlarimiz rivojlangan mamlakatlarga borib ta’lim olib kelishini istagan edi. Jadidlarning haqiqiy istaklari mana shunda ham ko‘rinadi.
Ma’ruzalardan so‘ng ishtirokchilar o‘zini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150-yilligi munosabati bilan tadbirlar yurtimiz bo‘ylab davom etmoqda.
N.Usmonova,
O‘zA