Mahallalarda loy ko‘chalar qolmaydi
Xalqimizda ezgu-maqsadlarni o‘zida mujassamlashtirgan qadriyatlar ko‘p. Shunday qadriyatlardan biri hashar. Hasharda xalqimizga xos bag‘rikenglik, o‘zaro hamjihatlik va mehr-oqibat mujassam. Mahalla ahli birlashib ko‘chalar va aholi turar joylarida obodonlashtirish ishlarini amalga oshiradi.
Navoiy viloyati Karmana tumanidagi “Navro‘z” MFYda hashar yo‘li bilan keng ko‘lamdagi obodonlashtirish ishlari boshlab yuborildi. Ushbu amaliy jarayonda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Normat Tursunov ishtirok etib, bugungi hasharda faollik ko‘rsatayotgan barcha tashkilotlarga, aholiga o‘zining minnatdorchiligini bildirdi.

- Amalga oshirayotgan ishlarimizning barchasi inson qadri uchun shart-sharoitlarni yanada yaxshilashga qaratiladi, - dedi viloyat rahbari N.Tursunov.

Hasharda “Navro‘z” mahallasining Baxt, Yangi bino, Toj mahal, Kamalak, Xalqlar do‘stligi, Qizilqum, Ziyo nur, Obod hamda Birlik ko‘chalarining jami 8 kilometr ichki yo‘llariga shag‘al to‘kilib, tekislanmoqda. Ariq va zovurlar tozalanib, daraxtlarga shakl berish, oqlash ishlari amalga oshirilyapti. Aholining kommunal sohadagi barcha muammolari hal etilib, ta’mirtalab simyog‘ochlar beton tayanchlarga almashtirilmoqda.

- 30 yildan buyon shu mahallada yashayman, - deydi mehnat faxriysi O‘rol Normurodov. - Necha yillardan beri aholi loy ko‘chalarni kechib, katta yo‘lga chiqishga majbur edi. Ammo bugun shuni ishonch bilan ayta olamanki, tez kunlarda bizning mahallada loy ko‘chalar qolmaydi.

bugungi kunda viloyatning barcha mahallalarida obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda
A.Bo‘riyev, O‘zA