Mahalla yoshlari bilan uchrashuv
Jizzax viloyati hokimining o‘rinbosari A.Savurboyev, viloyat DXX boshqarmasi boshlig‘i O.Boboyev, viloyat IIB boshlig‘i G‘.Qodirov hamda Do‘stlik tumani hokimi Sh.Darvishev shu tumandagi “Sanoatchilar” mahalla fuqarolar yig‘ini yoshlari bilan uchrashdi.
Dastlab mahalla yoshlari o‘rtasida kitobxonlik kechasi, shaxmat- shashka, stol tennisi bahslari, gulxan atrofida musiqiy chiqishlar, shuningdek, harbiy aslahalar bilan muloqot qilish kabi tadbirlar tashkil etildi.


Uchrashuv ochiq muloqot tarzida o‘tib, yoshlar tomonidan ish bilan ta’minlash, ta’lim kontraktlarini to‘lash, tadbirkorlik uchun kredit, o‘zini o‘zi band qilish maqsadida ish qurollari olish borasida subsidiya mablag‘lari ajratish kabi 10 dan ziyod murojaat tinglandi.


Murojaatlarning asosiy qismi shu yerning o‘zida ijobiy hal etildi. O‘rganilishi vaqt talab qiladigan murojaatlarni hal etish mutasaddi tashkilot rahbarlari, ushbu masalalarning ijrosini nazorat qilish sektor rahbarlari zimmasiga yuklatildi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari