Mahalla taraqqiyoti — jamiyat farovonligi garovi
Guliston davlat universitetida O‘zbekiston Respublikasi “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi tashabbusi hamda Sirdaryo viloyati hokimligi hamkorligida 2026-yil — “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” doirasida muhim ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda joylarda targ‘ibot-tashviqot ishlari samaradorligini oshirish, aholi ongiga milliy qadriyatlar va islohotlar mazmun-mohiyatini chuqur singdirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir doirasida “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish — taraqqiyot hamda farovonlik garovidir” nomli tavsiyalar qo‘llanmasining taqdimoti o‘tkazildi. Mazkur qo‘llanma O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan tashabbus va g‘oyalar, shuningdek, buyuk allomalar merosidagi ibratli fikrlar asosida tayyorlangan bo‘lib, undan mahallalarda ma’naviy muhitni mustahkamlash, aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida targ‘ibot ishlarini samarali tashkil etishda foydalanish ko‘zda tutilgan.
Taqdimot bilan bir qatorda fotodizaynlardan iborat ko‘rgazmali seminar ham tashkil etildi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyat, tuman hamda shaharlarda mahallalarni bezash, ijtimoiy muhitni yanada sog‘lomlashtirish, aholi o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy ishlar ta’sirchanligini oshirishga qaratilgan ko‘rgazmali materiallar namoyish etildi. Fotodizaynlarda “Tabiatni asrash insonni, Vatanni asrash demakdir”, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasining ustuvor yo‘nalishlari, “Yoshlar — Yangi O‘zbekiston va Uchinchi Renessans bunyodkorlari” kabi dolzarb g‘oyalar o‘z ifodasini topgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
[gallery-28876]
Tadbir avvalida mahallalar tizimida faoliyat yuritayotgan raislar va “yettilik” a’zolari uchun mo‘ljallangan ko‘rgazma namoyishi ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Unda targ‘ibot ishlarini zamonaviy dizayn va vizual yechimlar asosida tashkil etish, ularni aholi ongiga ta’sirchan yetkazish bo‘yicha ilg‘or yondashuvlar namoyon etildi.
Shundan so‘ng universitetning majlislar zalida ishtirokchilar va talaba-yoshlar uchun ma’naviy-ma’rifiy seminar bo‘lib o‘tdi. Seminarda mavzuga oid videorolik namoyish qilinib, unda yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, mahalla institutini rivojlantirish hamda jamiyatda faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish masalalari yoritildi.
Tadbirda “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi boshqaruv raisi Isfandiyor Latipov, Sirdaryo viloyati hokimligining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar masalalari kotibiyati mudiri Umid Abdullayev, Guliston davlat universiteti prorektori, professor Fazliddin Sharipov, shuningdek, O‘zbekiston mahallalar uyushmasi Sirdaryo viloyat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Laziz Ahmedovlar so‘zga chiqib, sohadagi ustuvor vazifalar haqida to‘xtaldi.
– Bugungi tadbirning ahamiyati shundaki, u mahalla institutini yanada mustahkamlash, jamiyatda ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish va aholi, ayniqsa, yoshlar ongiga milliy qadriyatlarni chuqur singdirishga xizmat qiladi. Ayniqsa, fotodizaynlar orqali targ‘ibot ishlarini tashkil etish zamonaviy va ta’sirchan usul sifatida e’tiborga loyiq. Bunday yondashuv aholiga zarur g‘oya va tushunchalarni sodda, ravon va ko‘rgazmali shaklda yetkazish imkonini beradi. Eng muhimi, bu kabi tadbirlar orqali mahallalarda fuqarolar faolligi oshadi, jamiyatda hamjihatlik va mas’uliyat hissi yanada mustahkamlanadi, – dedi tadbirda so‘zga chiqqan Guliston davlat universiteti professori Ravshanbek Mahmudov.
Ta’kidlanganidek, bunday amaliy seminarlar joylarda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, mahalla institutining jamiyat hayotidagi o‘rni va nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat), O‘zA