"Mahalla ligasi" g‘oliblari aniqlandi
Sirdaryo viloyatida yoshlarni ommaviy sportga keng jalb etish, mahallalarda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish hamda iqtidorli sportchilarni saralab olishga qaratilgan "Mahalla ligasi" sport musobaqalarining hududiy (III bosqich) bellashuvlari ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-dekabrdagi “Jamoaviy sport turlarini rivojlantirish va iqtidorli yoshlarni saralab olish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan musobaqalar mahallalarda ommaviy sportni yanada rivojlantirish, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda ularning jismoniy faolligini oshirishga xizmat qildi.
Bellashuvlar Sirdaryo viloyatidagi 4-tip sport majmuasi, Sirdaryo viloyati pedagogika institutining ochiq sport maydoni va Guliston shahridagi 2-umumta’lim maktabi sport zalida o‘tkazildi.
Hududiy bosqichda viloyatning barcha 11 ta shahar va tumanidan saralangan jamoalar ishtirok etdi. Jami 67 ta mahalladan 132 ta jamoa tarkibida 437 nafar sportsevar g‘oliblik uchun kuch sinashdi.
Musobaqalar shaxmat, shashka, vorkaut, stritbol, voleybol, minifutbol hamda stol tennisi sport turlari bo‘yicha o‘tkazilib, har bir bellashuv yuqori raqobat, murosasiz kurash va haqiqiy sport ruhi ostida kechdi.
Qizg‘in bahslar yakuniga ko‘ra, shaxmat bo‘yicha Boyovut tumanining «Olmazor» mahallasi, ayollar o‘rtasida esa Bunyodkor mahallasi jamoasi birinchi o‘rinni egalladi. Shashka bo‘yicha Sirdaryo tumanining Hikmatli mahallasi, ayollar bahsida esa Shirin shahrining «Farhod» mahallasi g‘olib deb topildi. Vorkaut bo‘yicha Oqoltin tumanining Ko‘rkam diyor mahallasi jamoasi eng yuqori natijani qayd etdi.
[gallery-30492]
Stritbol bo‘yicha erkaklar va ayollar o‘rtasidagi bahslarda Boyovut tumanining Markaz mahallasi jamoalari g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi. Voleybol bo‘yicha Mirzaobod tumanining Yangi hayot mahallasi jamoasi, ayollar o‘rtasida esa Yangiyer shahrining Davlatobod mahallasi jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Minifutbol bo‘yicha Boyovut tumanining Bekat mahallasi jamoasi g‘olib deb topildi. Stol tennisi bo‘yicha Mirzaobod tumanining Oqoltin mahallasi, ayollar o‘rtasida esa Sirdaryo tumanining Adolat mahallasi vakillari eng yaxshi natijani qayd etdi.
G‘olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimida O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi Sirdaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i Uyg‘un Hotamov ishtirokchilarni munosib natijalari bilan tabrikladi. U o‘z nutqida keyingi yillarda mamlakatimizda ommaviy sportni rivojlantirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganini, “Mahalla ligasi” esa mahallalarda sport madaniyatini yuksaltirish, yoshlarni sog‘lom hayot tarziga keng jalb etish, iqtidorli sportchilarni aniqlab, ularning keyingi bosqich musobaqalarida munosib ishtirok etishi uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qilayotganini ta’kidladi.
Shuningdek, musobaqalar mahallalar o‘rtasida do‘stona muhitni mustahkamlash, jamoaviylik ruhini kuchaytirish va aholining, ayniqsa yoshlarning sportga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirishga munosib hissa qo‘shishi qayd etildi.
Tadbir yakunida barcha sport turlari bo‘yicha g‘olib va sovrindorlarga tashkilotchilar tomonidan diplom, medal, kubok hamda qimmatbaho esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi. Endi hududiy bosqich g‘oliblari respublika bosqichida Sirdaryo viloyati sharafini himoya qilishadi.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) O‘zA