Mahalla kelajagi yangi rais faoliyatiga bog‘liq
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2022 yil 16 martdagi “Fuqarolar yig‘ini raislari (oqsoqollari) sayloviga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish to‘g‘risida” gi qaroriga asosan ayni kunlarda yurtimizning barcha hududlarida mahalla fuqarolar yig‘inlari raisi (oqsoqoli) saylovi bo‘lib o‘tmoqda.
Mazkur ijtimoiy-siyosiy tadbir Andijon viloyatida ham belgilangan tartiblar va qonuniy tamoyillar asosida o‘tkazilmoqda. Saylov jarayonlari, uning mahalla hayotidagi ahamiyati, o‘rni va roli haqida Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi viloyat komissiyasi raisi Hamidjon Omonov O‘zA – O‘zbekiston Milliy axborot agentligi muxbiriga quyidagilarni gapirib berdi.
– Mamlakatimizda kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyatiga o‘tish jarayoni kechayotgan bugungi kunda mahalla tizimining jamiyatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi o‘rni va roli nihoyatda katta. Mahalla – fuqarolik jamiyatining muhim bo‘g‘ini, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish instituti sifatida ham alohida mavqega ega.
Mahalla faoliyatining ana shu o‘ziga xos jihatlari va tashkiliy asoslarini takomillashtirish, mahalla tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lamini yanada kengaytirish, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari bilan yaqin munosabatini ta’minlash, aholini aniq maqsad sari yo‘naltirish orqali mahallani ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, bir so‘z bilan aytganda, mahalla maqomini yuqori bosqichga ko‘tarishda mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovining ahamiyati kattadir. Chunki, mahalla raisi o‘sha hududning yuz-ko‘zi, obro‘si hisoblanadi.
Shu bois ham, fuqarolar yig‘ini raisi boy hayotiy tajribaga ega, aholi o‘rtasida katta hurmat-e’tiborga sazovor bo‘lgan, bilimdon, adolatli, ko‘pni ko‘rgan, mahalla ahlini ezgu ishlarga ergashtira olish qobiliyatiga ega inson bo‘lishi kerak. Qolaversa, u jamoat ishi uchun astoydil qayg‘urishi, odamlarning ariza va shikoyatlariga e’tiborli bo‘lish, muammolarni odilona hal qila olish, mahalladagi hamjihatlikni, ijtimoiy-ma’naviy muhitni ta’minlashdek mas’uliyatli vazifalarni uddalashi lozim.
Demak, o‘tayotgan saylovlarda mahalla yig‘ini raisi lavozimiga munosib nomzodlar saylansagina, mahallaning nufuzi yanada ortadi, huquqiy-demokratik jamiyat qurish yo‘lida olib borayotgan ishlar samarasi yuqori bo‘ladi. Shu sababli bo‘lib o‘tayotgan saylov jarayoni jamiyat ijtimoiy hayotida muhim ahamiyat kasb etadi.
Viloyatda saylov jarayonini yuqori saviyada o‘tkazish bilan bog‘liq barcha ishlar tegishli tartibda amalga oshirildi. Saylovni o‘tkazishga ko‘maklashuvchi 16 ta tuman va shahar komissiyasi, shuningdek, 887 ta mahalla, fuqarolar yig‘inlarida tashkil etilgan ishchi guruhlari samarali faoliyat olib bormoqda. Komissiyalar va ishchi guruhlariga to‘laqonli faoliyat olib borishlari uchun zarur ish sharoitlari yaratib berilgan, tegishli xona, jihoz va qo‘llanmalar bilan ta’minlangan. Avvalgi saylovlarda to‘plangan tajribalardan kelib chiqib, ishchi guruhlari tarkibiga mahallada, keng jamoatchilik orasida obro‘-e’tibor qozongan, bilimdon, tashkilotchi, kimning qandayligini yaxshi biladigan faol, turli sohalarning vakillari kiritildi. Bu keng jamoatchilikning faol ishtiroki hamda munosib nomzodlarni saralash imkonini beradi.
Kechadan boshlab viloyatning barcha tuman va shaharlarida saylov jarayoni boshlandi. Saylov yoshidagi 1 million 975 ming 839 nafar aholining 12 foiz qismi vakillar tomonidan mahalla raisligiga tavsiya etilgan nomzodlardan eng munosib 887 nafari rais etib saylanadi.
O‘zA muxbiri Faxriddin Ubaydullayev yozib oldi