Magistraturada ayol-qizlarga berilgan imkoniyat — tengsizlik emas
So‘nggi yillarda xotin-qizlarning ta’lim olishi, kasbiy salohiyatini rivojlantirishi va ilm-fan bilan shug‘ullanishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Xususan, magistratura bosqichida ayol-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan choralar jamiyatda turli fikr va mulohazalarga sabab bo‘layotgani kuzatilmoqda.
Biroq mazkur imkoniyatni kimgadir qarshi qaratilgan imtiyoz yoki tengsizlik sifatida emas, balki xotin-qizlarning ta’lim va ilm-fandagi ishtirokini rag‘batlantirishga qaratilgan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash chorasi sifatida baholash muhim.
Nega aynan magistratura bosqichi?
Magistratura — yoshlarning ta’limdan kasbiy faoliyat va ilmiy izlanishlarga o‘tish davri hisoblanadi. Aynan shu bosqich ko‘plab qizlarning hayotida oila qurish, farzand tarbiyasi va kasbiy faoliyatni bir vaqtda yo‘lga qo‘yish kabi bir nechta muhim jarayonlar bilan bir davrga to‘g‘ri keladi. Bunday sharoitda ayrim xotin-qizlar ta’limni davom ettirish yoki oilaviy majburiyatlarga ustuvorlik berish o‘rtasida tanlov qilishga majbur bo‘lishi mumkin. Shu nuqtai nazardan, davlat tomonidan yaratilgan qo‘shimcha imkoniyatlar ayol-qizlarning ta’lim yo‘lidagi mavjud to‘siqlarni kamaytirish, ularning o‘qishni davom ettirishi va o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishiga ko‘maklashadi.
Jamiyatda “ayollarga imtiyoz berilsa, bu erkaklarga nisbatan adolatsizlik emasmi?” degan savol ham o‘rtaga tashlanmoqda.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, erkak talabalar uchun ham davlat grantlari, stipendiyalar, ta’lim kreditlari va boshqa qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari mavjud. Ya’ni davlat siyosatida ta’lim olish imkoniyatini kengaytirish umumiy ustuvor yo‘nalish bo‘lib, turli toifalar uchun ehtiyoj va mavjud sharoitdan kelib chiqib qo‘shimcha choralar belgilanishi mumkin.
Ta’lim — raqobat emas, taraqqiyot omili. Jamiyatda bir insonga berilgan imkoniyatni boshqa bir insonning imkoniyati kamayishi sifatida qabul qilish to‘g‘ri emas. Aksincha, ko‘proq yoshlarning, jumladan, xotin-qizlarning sifatli ta’lim olishi — mamlakatning intellektual va kasbiy salohiyatini oshiradi. Shu bois magistratura bosqichida ayol-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan imkoniyatlarni tengsizlik emas, balki ta’limda ishtirokni kengaytirish, inson kapitalini rivojlantirish va xotin-qizlarning jamiyatdagi faolligini oshirishga qaratilgan siyosat sifatida qabul qilish muhim.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA