London va Parij Hurmuz bo‘g‘ozidagi vaziyat bo‘yicha sammit o‘tkazadi (+video)
Buyuk Britaniya va Fransiya Hurmuz bo‘g‘ozida kemalar harakatini qayta tiklash masalasini muhokama qilmoqchi, deb xabar berdi DW nashri.
London va Parij shu haftada 40 dan ortiq davlat ishtirokida sammit o‘tkazadi. Bu haqda 13-aprel kuni Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ma’lum qildi.
Starmerning ta’kidlashicha, Hurmuz bo‘g‘ozining yopilishi iqtisodiyotga jiddiy zarar yetkazmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, Britaniya va Fransiya mojaro tugaganidan keyin kemalarning xalqaro xavfsiz qatnovini ta’minlash bo‘yicha millatlararo reja ustida ish olib boradi.
Makron ham Britaniya bilan birga bo‘g‘ozda erkin harakatni tiklash uchun reja mavjudligini aytdi. Bu harakat faqat mudofaa maqsadida bo‘lib, mojaroda ishtirok etuvchi tomonlardan mustaqil ravishda amalga oshiriladi.
Starmer Britaniya hukumati AQSH prezidenti Donald Tramp e’lon qilgan Eron portlarini qamal qilishni qo‘llab-quvvatlamasligini aytdi. Uning fikricha, hozirgi paytda eng muhim vazifa, Hurmuz bo‘g‘ozida kemalar harakatini to‘liq tiklash. Shu maqsadda Britaniya hukumati diplomatik, siyosiy va harbiy choralarni ko‘rmoqda.
Starmer shuningdek, Eronga qarshi urushga qo‘shilish bo‘yicha Britaniyaga bosim bo‘layotganini, ammo aniq huquqiy asos bo‘lmasa, mamlakat bunday harakatga qo‘shilmasligini ta’kidladi.
Donald Tramp Islomoboddagi muzokaralar natija bermaganidan so‘ng Eron portlariga qamal joriy etilganini ma’lum qildi. Bu orqali u Eronning bo‘g‘oz orqali o‘tuvchi kemalardan yig‘im olishini cheklashni maqsad qilgan.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Trampning bu qarorini qo‘llab-quvvatlashini bildirib, bu masalada AQSH bilan to‘liq hamkorlikda ekanini aytdi.
11-aprel kuni Islomobodda bo‘lib o‘tgan AQSH va Eron muzokaralari kelishuvsiz yakunlangan. Eron bo‘g‘oz ustidan nazorat va u yerdan o‘tuvchi kemalardan boj olish huquqini talab qilgan, shuningdek AQSH taklif etgan “qo‘shma nazorat” variantini rad etgan.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/sYiUp4f4Dis" title="London va Parij Hurmuz bo`g`ozidagi vaziyat bo`yicha sammit o`tkazad" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA