Lavrovning Xitoyga tashrifi boshlandi
Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov tashrif bilan Xitoy Xalq Respublikasiga, aniqrog‘i mamlakat janubidagi Guylin shahriga yetib bordi.
Seshanba kunga uning xitoylik hakmkasbi Van I bilan uchrashuvi belgilangan. Vazirlar suhbati chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik hamkorlik hamda oliy va yuqori darajadagi muloqotlar tashkil etish masalalarini muhokama qilishi kutilyapti. Rossiya TIV Lavrovning ushbu tashrifi arafasida ma’lum qilgan xabarga ko‘ra, martabali mulozimlar, shuningdek "pandemiya sharoitida ikki davlatning birgalikdagi sa’y-harakatlarini muvofiqlashtirish va infeksiya tarqalishiga qarshi kurashish maqsadida joriy etilgan cheklovlar tufayli yuzaga chiqqan qiyinchiliklarni yengib o‘tish yo‘llari" ni ham ko‘rib chiqadi.
Sergey Lavrov Xitoy safaridan so‘ng muzokara o‘tkazish maqsadida Janubiy Koreyaga jo‘naydi.
Darvoqe, Nanlin tog‘ tizmasi janubi-g‘arbida yastanib yotgan Guylin – Chin yurtining eng go‘zal, fusunkor shaharlaridan biri. Bu yerdagi yashillikka burkangan purviqor cho‘qqilar xorijlik mehmonlarni asosiy sayyohlik manzili sifatida chorlaydi. Guylin shahri butunlay milliy bog‘ sifatida davlat muhofazasiga olingani ham bejiz emas. Shahar tog‘laridan tashqari mangu yashil daraxt – 15 metrgacha bo‘y cho‘zadigan dolchin (korichnik) o‘rmonzorlari bilan ham mashhur.