Kursantlar armrestling bo‘yicha bellashdi
Poytaxtimizda sportning armrestling turi bo‘yicha Toshkent shahar chempionati bo‘lib o‘tdi.
Unda Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi kursantlari ham faol ishtirok etib, o‘zlarining jismoniy tayyorgarligi, matonati va sport mahoratini namoyon qildi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, akademiya kursantlari kattalar o‘rtasida yuqori o‘rinlarni egalladi.
Xususan, akademiya kursantlari Islomjon Ibodov 75 kg. vazn toifasida o‘ng va chap qo‘llarda, Olamgir Omonov 110 kg. vazn toifasida o‘ng qo‘lda 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Musobaqa yakuniy natijalariga ko‘ra, sovrinli o‘rinlarni egallagan kursantlar diplom, medallar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Shuningdek, g‘oliblar joriy yilning 16–21-may kunlari Samarqand viloyatida o‘tkazilishi rejalashtirilgan O‘zbekiston chempionatida ishtirok etish uchun yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Mazkur natijalar Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida yoshlarning jismoniy tayyorgarligini oshirish, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish hamda sportga bo‘lgan qiziqishni yanada kuchaytirish borasida olib borilayotgan tizimli ishlarning amaliy ifodasidir.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA