Kurashchi qizlarimiz Osiyo chempionatida uchinchi o‘rinni egalladi
Vakillarimiz Osiyo chempionatida 6 ta medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida 3-o‘rindan joy oldi
Tailandning Pattayya shahrida sport kurashlari bo‘yicha o‘smirlar (U15) o‘rtasidagi Osiyo chempionati davom etmoqda.
Musobaqaning navbatdagi kuni doirasida ayollar kurashi bo‘yicha bellashuvlar yakunlandi. Quvonarlisi, mazkur qit’a birinchiligida O‘zbekiston qizlar terma jamoasi muvaffaqiyatli ishtirok etib, yuqori natijalarni qayd etdi.
Murosasiz kechgan bellashuvlar yakuniga ko‘ra, mazkur yosh toifasida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari umumjamoa hisobida Yaponiya va Hindiston vakillaridan keyin faxrli 3-o‘rinni egalladi.
Osiyo chempionatida polvonlarimizdan Madina Nosirova (-33 kg), Muslima Hojimatova (-46 kg), Sabrina Abdreymova (-54 kg) hamda Madinaxon Xoliqova (-58 kg) kumush medalga sazovor bo‘ldi. Bundan tashqari, o‘z vazn toifalarida muvaffaqiyatli qatnashgan Sarvinoz Rahimjonova (-39 kg) hamda Dilshoda Davronbekova (-62 kg) terma jamoamiz hisobiga bronza medallarni keltirdi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA