Kurash: Seulda Mustaqillik bayramiga bag‘ishlangan xalqaro turnir o‘tkaziladi
Joriy yilning 27–30-avgust kunlari Janubiy Koreya poytaxti Seul shahrida O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yillik shodiyonalariga bag‘ishlangan “O‘zbekiston elchisi kubogi” xalqaro turniri bo‘lib o‘tadi.
O‘nga yaqin mamlakat milliy terma jamoalarining mahoratli sportchilari ishtirok etishi kutilayotgan turnirda erkaklar -66, -81, -100 va +100 kilogrammda, kurashchi xotin-qizlar -52, -63, -78 va +78 kg vazn toifalarida g‘oliblik uchun bellashadi.
Kuni kecha Xalqaro kurash assotsiatsiyasi, Janubiy Koreya sport tashkilotlarining vakillari, O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi elchixonasi mutaxassislari ishtirokida “O‘zbekiston elchisi kubogi” musobaqalari va u doirasidagi bayram tadbirlarini tashkil etishga bag‘ishlangan tashkiliy qo‘mita yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Onlayn tarzda o‘tgan yig‘ilishda musobaqaning tashkiliy va texnik jihatlari, ishtirokchi jamoalarni qabul qilish, musobaqa jarayonlarini yuqori saviyada tashkil etish, hakamlik va texnik delegatsiya faoliyati bilan bog‘liq masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Musobaqa nafaqat sport maydonidagi raqobat, balki Markaziy Osiyo mamlakatlari va Janubiy Koreya o‘rtasidagi do‘stlik, hamkorlik va madaniy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatli ekani ta’kidlandi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA